AsosiySport

Armen Bagdasarov O`zbekiston dzyudo federasiyasida vaqtincha rais vazifasini bajaradi

'Armen Bagdasarov O`zbekiston dzyudo federasiyasida vaqtincha rais vazifasini bajaradi'ning rasmi

Poytaxtimizdagi Osiyo dzyudo markazida O`zbekiston dzyudo federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o`tkazildi.

Unda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov, shuningdek, O`zbekiston dzyudo federasiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Sir emaski, o`zbekistonlik dzyudochilar Olimpiya va Osiyo o`yinlari, qit`a va jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib keladilar. Oldinda muhim musobaqa - Indoneziyada bo`lib o`tadigan Osiyo o`yinlari bizni kutib turibdi. O`zbekiston dzyudo federasiyasi raisining birinchi o`rinbosari Shavkat Mo`minov boshqa ishga o`tgani munosabati bilan tashkilotga yangi rahbar saylanishi lozim edi. Yig`ilish kun tartibidan o`rin olgan eng asosiy masala shu bo`ldi.

Yig`ilish qatnashchilarining taklif va mulohazalari, fikrlari inobatga olinib, O`zbekiston dzyudo federasiyasiga Olimpiya o`yinlari sovrindori, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan sportchi Armen Bagdasarov vaqtinchalik rais vazifasini bajaruvchi etib saylandi.

Shuningdek, konferensiya davomida Farxod To`raev O`zbekiston milliy terma jamoasiga vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlanib, sportchilarimizni bevosita Osiyo o`yinlariga tayyorlaydigan bo`ldi.

Hisobot-saylov konferensiyasida federasiyaning yangi rahbari oldiga bir qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Osiyo o`yinlarida natijalar samaradorligini oshirish, dzyudoning ommaviyligini yanada ko`tarish, bu borada sportning ushbu turi ommaviyligini kerak bo`lsa futboldan ham oshirish asosiy vazifa qilib belgilandi.


Unga ko`ra, yaqin vaqt ichida mamlakatimizda dzyudoni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Yangi rahbariyat oldiga Respublikamiz bo`ylab seleksiya ishlarini kuchaytirish, jismoniy baquvvat yoshlarni topib, ularni yangi nom sifatida terma jamoaga tayyorlab berish vazifasi qo`yildi. Bugungi kunda olib borilayotgan siyosatga monand, dzyudo ham aholi orasida eng quyi bo`g`indan, ya`ni maktabgacha ta`lim muassasasidan boshlab rivojlantiriladi.

    Boshqa yangiliklar