O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 sentyabr kuni nishonlanadigan mamlakat mustaqilligining 27 yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risidagi qarorni imzoladi. Qaror matni O`zAda e`lon qilindi.
Jonajon Vatanimiz – O`zbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo`yib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho ne`mat bo`lgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
O`tgan davr biz uchun g`oyat muhim bir haqiqatni takror va takror tasdiqlab bermoqda. Erkin va farovon hayotimizni, buyuk kelajagimizni faqat mustaqillik asosida qurishimiz, odamlarimiz, el-yurtimizni faqat mustaqil siyosat asosida rozi qilishimiz mumkin. Faqat mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli ko`rilmagan imkoniyatlar ochib beradi.
Shu ma`noda, mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bog`liq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy va ma`naviy hayotimizda alohida muhim o`rin tutadi.
Xalqimizning asriy orzusi bo`lgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a`zosiga aylantirgan O`zbekiston mustaqilligining yigirma etti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida:
1. O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!”degan g`oyani o`zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar hamda targ`ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.
Mazkur dastur 2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg`un holda tayyorlansin.
Bunda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo`lga qo`yish, inson manfaatlarini ta`minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani, xususan, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat va san`at, turizm va sport tarmoqlarini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning mazmun-mohiyatini ilmiy-ma`rifiy asosda, hayotiy misollar orqali ochib berishga alohida e`tibor qaratilsin.
3. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag`ishlab aholining keng qatlamlari o`rtasida ma`rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o`tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san`atkorlardan iborat ma`naviy-ma`rifiy targ`ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta`minlansin.
4. Respublika komissiyasi o`z yig`ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borsin.
5. Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o`tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo`yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo`lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste`dodli yosh ijrochilar, folklor san`ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
6. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo`shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!”respublika tanlovining yakuniy bosqichini o`tkazsin.
Tanlov g`oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e`lon qilinsin va taqdirlansin.
7. O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug`, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an`anaviy ko`rik-tanlovlarni yuqori darajada o`tkazishni ta`minlasin.
8. Belgilab qo`yilsinki, o`tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag`lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
9. O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.






