Oliy Majlis Senatining o`n beshinchi yalpi majlisida ma`ruza qilgan Senat raisi N.Yo`ldoshev O`zbekiston siyosatida ro`y berayotgan yangiliklar, fuqarolarni el-yurt ravnaqi yo`lida oyoqqa turishga chorlovchi ezgu da`vatlar barchani tom ma`noda uyg`otganini ta`kidladi, deb yozmoqda O`zA.
Ayniqsa, davlat organlari faoliyati bilan bog`liq, ma`lum ma`noda qotib qolgan qarashlar o`zgardi. Barcha kuch va vositalar, davlat xizmatidagi mas`ullar salohiyati, avvalo, odamlarni tashvishga solib kelgan muammolar echimiga safarbar etilmoqda.
Jumladan, parlament ishi ham yangi mazmun-mohiyat bilan boyitilib, amalda xalq vakillari fuqarolar bilan bevosita muloqotga kirisha boshladi.
Natijada barcha sohalarda va hududlarda yillar davomida e`tibordan chetda qolib kelgan masalalar yuzaga chiqmoqda. Bu masalalarni vakillik va ijro organlari hamkorligida kompleks hal etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Har bir vazifaning so`zsiz va sifatli bajarilishi yuzasidan parlament va jamoatchilik nazorati yangi mexanizmlar asosida yo`lga qo`yilmoqda.
Shu tariqa davlat hokimiyatining birdan-bir manbai bo`lgan xalqning nazorati jamiyat hayotining barcha jabhalarida ta`minlanmoqda.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta`minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Senat a`zolari va deputatlar tomonidan hududiy komissiyalar bilan birgalikda har oyda 14 tumanda o`rganishlar o`tkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent, Andijon, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi jami 20 tumanda 6 mingdan ortiq xonadonda istiqomat qiluvchi 20 mingdan ziyod aholi bilan bevosita muloqot o`tkazildi, 600 dan ortiq ijtimoiy soha ob`ekti, 400 ga yaqin mahalla fuqarolar yig`ini faoliyati o`rganildi.
Muammolarni hal etish maqsadida tuman va viloyat miqyosida maxsus “Yo`l xarita”lari ishlab chiqilib, mahalliy Kengashlar sessiyalarida tasdiqlandi. Bu borada joylardagi sektorlar hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining mas`uliyati va javobgarligini kuchaytirish choralari ko`rilmoqda.
O`rganishlar davomida aniqlangan va respublika darajasida hal etiladigan masalalar bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan taklif va tavsiyalar asosida Hukumat darajasida 10 dan ortiq “Yo`l xarita”lari ishlab chiqildi.
Biroq, takror bo`lsa-da, qayd etish o`rinliki, o`rganishlar tahlili ijtimoiy sohalar, jumladan ta`lim va sog`liqni saqlash tizimlarida ayrim muammolar surunkali tus olganligini ko`rsatmoqda.
O`rganilgan barcha tumanlardagi maktablarda o`qituvchilar, ayniqsa, rus tilida ta`lim beruvchi pedagoglar, shuningdek, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, huquq va boshqa muhim fanlardan o`qituvchilar, deyarli barcha tumanlarda 150-200 nafardan tor doiradagi tibbiy mutaxassislar va umumiy amaliyot shifokorlari etishmaydi.
Bugungi kunda umumta`lim maktablarida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda 66 ming 600 nafardan ziyod o`rta maxsus ma`lumotga ega o`qituvchilar dars berib kelmoqda.
Xalq ta`limi boshqarmalari esa ayrim hollarda oliy ma`lumot olish istagida bo`lgan o`qituvchilar yo`liga sun`iy to`siqlarni qo`ymoqda.Birgina misol: Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro Axunova Andijon davlat universiteti maxsus sirtqi bo`limiga asossiz ravishda qabul qilinmaganidan norozi bo`lib, Senatga murojaat qildi.
O`rganishlar shuni ko`rsatdiki, viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axunova to`g`risida universitetga noto`g`ri ma`lumotlarni atayin taqdim etgan. Oqibatda u o`qishga qabul qilinmagan.
Senat qo`mitasi aralashuvi bilan fuqaroning huquqi tiklanib, u o`qishga qabul qilindi.Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi mas`ul xodimlariga nisbatan esa tegishli ta`sir choralari qo`llanildi.
Shu kabi odamlarni tashvishga solayotgan muammolarga echimiga bundan buyon ham e`tibor kuchaytiriladi.






