Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan suriyalik qochoqlar uchun ishga joylash markazi ochildi, deya xabar bermoqda Vesti nashri.
BMTning qochoqlar bo`yicha departamenti va Xalqaro Mehnat Tashkiloti hamkorligida tashkil qilingan markaz Iordaniyada ochildi. Markazning asosiy vazifasi – lagerlarda kun kechirayotgan suriyalik qochoqlarni ish bilan ta`minlash hamda ularga ishga kirishlari uchun bir oylik ruxsatnoma berishdan iboratdir. Hozirda markazga 40 mingga yaqin qochoqlar ish so`rab murojaat qilgan.
Qochoqlarga lagerlaridan chiqib mehnat qilish imkonini berayotgan markaz odamlarga qishloq xo`jaligi sohasi bilan bog`liq ishlarni taklif qilmoqda. Ba`zi qochoqlar esa Suriyada yuqori mansabli hamda malakali xodimlar bo`lgan. Ular Iordaniyaning ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo`shishlari mumkin. Ishga joylashtirilayotganda shu jihatlar ham inobatga olinmoqda. Hozirda Iordaniyada 1,3 million suriyalik muhojirlar bor.






