O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 27 iyun kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi punktlarini obod maskanlarga aylantirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 29 martdagi farmoniga muvofiq qabul qilingan “Obod qishloq” dasturi doirasida joriy yilda 159 ta tumandagi 386 ta qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu qishloqlarda 142 mingta yakka tartibdagi uy va mingdan ziyod ko`p qavatli uy, 3 ming kilometr yo`llarni ta`mirlash, 2,5 ming kilometr elektr energiyasi, 2 ming kilometr ichimlik suv tarmoqlarini qurish va qayta tiklash, 2 ming 400 ta bozor va boshqa infratuzilma ob`ektlari qurish belgilab olingan.
Bundan tashqari, 388 ta umumta`lim maktabi, 313 ta bog`cha, 168 ta tibbiyot muassasasi, 38 ta mahalla binosi va boshqa ijtimoiy soha ob`ekti qurish va ta`mirlash rejalashtirilgan.
Yig`ilishda bu borada bajarilgan ishlar tahlil qilinib, galdagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Hududlarga qurilish materiallarini uzluksiz va etarli miqdorda etkazib berish, qishloqlarda shunday mahsulotlar do`konlarini tashkil etish zarurligi ta`kidlandi. Bu belgilangan tadbirlarning sifatli va muddatida bajarilishini ta`minlab, qurilish ishlari narxi oshib ketishining oldini oladi.
Dasturga qo`shimcha ravishda kiritilgan qishloqlarning bosh rejasini ishlab chiqish, zarur mablag`larni shakllantirish, qishloqlarga investisiyalar jalb qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Bunday tarmoqlarni qurish va ta`mirlashni jadallashtirish, shuningdek, yo`llar, elektr va tabiiy gaz tizimlarini ta`mirlash zarurligi ta`kidlandi.
Qishloqlarda ta`lim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat ob`ektlari qurish, kichik sexlar tashkil etish bo`yicha ham vazifalar belgilandi.
Ma`lumki, Prezident Shavkat Mirziyoev shu yil 4 iyun kuni Chilonzor tumanidagi “Xirmontepa” va “Tirsakobod” mahallalarida bo`lganida “Obod mahalla” dasturi loyihasini shakllantirish bo`yicha topshiriq bergan edi.
Bugungi kunda tajriba sifatida Toshkent shahrining 11 ta tumani va yurtimizdagi 30 ta shaharda 1 tadan mahalla hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. O`tgan qisqa vaqtda ushbu 41 ta mahallada 72 milliard so`mlik ishlar bajarilgan.
Bu boradagi ijobiy tajribani va aholi xohish-istaklarini inobatga olib, “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi.
Ushbu dasturga muvofiq joriy yilda har bir shaharda kamida 2 tadan va 2022 yilgacha har yili kamida 3 tadan mahalla qiyofasi tubdan yangilanadi. Ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz, kanalizasiya tarmoqlarida qurilish-ta`mirlash, sizot suvlari sathini pasaytirish ishlari olib boriladi. Shuningdek, 5 ming 607 kilometr ichki yo`llar, 369 ta ijtimoiy soha ob`ektini ta`mirlash, 969 ta bozor infratuzilmasi ob`ekti va servis shoxobchalari barpo etish mo`ljallangan. Buning uchun mahalliy hokimliklar huzurida “Obod mahalla” jamg`armalari tuziladi.
– “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish islohotlarimiz orasida eng muhim o`rinlardan birini egallaydi. Chunki xalqimiz oldida ularning muammolarini hal etish, turmush kechirish sharoiti va hayoti sifatini yaxshilash bo`yicha majburiyat olganmiz, dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezident mazkur dasturlar doirasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.






