O`zbekistonlik yosh shaxmatchilar Belorus poytaxti Minsk shahrida bo`lib o`tgan shaxmatning blis va rapid yo`nalishida o`smirlar o`rtasidagi jahon chempionatida 9 ta medal qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallagandilar.
Bugun ana shu nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh aql-idrok sohiblari poytaxtimizga etib kelishdi. Shaxmatchilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Jasur Matchanov boshchiligidagi O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi mutasaddilari, mamlakat shaxmat federasiyasi xodimlari, sportchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.

Eslatib o`tamiz, o`smirlar o`rtasidagi II jahon chempionatida hamyurtlarimiz rapid yo`nalishida 2 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Umida Omonova), 2 ta kumush (Afro`za Hamdamova, Olmos Rahmatullaev), blis bellashuvlarida esa 3 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Afro`za Hamdamova, Umida Omonova) hamda 2ta kumush (Ruqiya Olimova, Shahrombek Karimov) medallarini qo`lga kiritishgandi.
"Musobaqa biz uchun juda yaxshi o`tdi. U erda turli mamlakat vakillariga qarshi o`ynadim va ularni mag`lubiyatga uchratib, oltin medalni qo`lga kiritdim. Jahon chempioni bo`lib, shohsupaga ko`tarilganimdan juda xursandman. Shaxmatchilardan norvegiyalik Magnus Karlsenga havas qilaman, uning muxlisiman. Kelajakda dunyoning eng yosh grossmeysteri bo`lmoqchiman, undan tashqari kattalar o`rtasida jahon chempioni bo`lishni orzu qilaman", - dedi rapid va blis yo`nalishidagi jahon chempioni Humoyun Begmurotov.
"Jahon chempionati menga juda yoqdi. Raqiblarimning barchasini mag`lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo`la oldim. Minsk juda chiroyli shahar ekan. Bellashuvlarda kuchli raqiblar ko`p bo`ldi, ammo biz ulardan kuchli ekanligimizni namoyish etib, umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritdik. Bundan juda xursandmiz. Endi Ispaniyada tashkil qilinadigan an`anaviy shaxmat bo`yicha jahon chempionatida qatnashamiz, u erdan ham chempion bo`lib qaytmoqchimiz", - dedi jahon birinchiligi g`olibi Afro`za Hamdamova.








