Vazirlar Mahkamasining 21.06.2018 yildagi «O`zbekiston Respublikasi prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar hamda o`zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o`tkazish to`g`risida» 2018 yil 20 apreldagi PF–5421-son farmoni ijrosini ta`minlash chora-tadbirlari haqida»gi 461-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, 1.05.2019 yilga qadar O`zbekistonda jismoniy shaxslarning o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik aksiya o`tkazilmoqda. Aksiya ko`p qavatli uylarga, ularga tutashib ketgan er uchastkalarida o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, shuningdek noturar joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Farmon qabul qilingandan keyin o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar e`tirof etilmaydi. Buning ustiga, bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagandan keyin o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish mumkinligi to`g`risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalari bekor qilinadi.
Qabul qilingan hujjatda aksiyani o`tkazish tartib-taomillari belgilangan.
Mulk huquqi e`tirof etilishi uchun fuqaro davlat xizmatlari markazi orqali tuman (shahar) hokimining nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Murojaat etuvchi arizani o`z imzosi bilan tasdiqlaydi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
• murojaat etuvchining pasporti nusxasi;
• murojaat etuvchining oila a`zolari haqida, shuningdek er uchastkasiga egalik qilgan muddatlari va imorat qurilgan vaqt to`g`risida fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining ma`lumotnomalari.
Murojaat etuvchidan boshqa ma`lumotlarni va boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.
Davlat xizmatlari markazi xodimi hujjatlar olingani to`g`risida tilxat beradi yoki ro`yxatdan o`tkazish raqamini ko`rsatgan holda ariza nusxasida bu to`g`risida tegishli yozuvni qayd etadi. Ko`rinib turganidek, arizani qabul qilganlik va ko`rib chiqish uchun hech qanday yig`im to`lanmaydi (keyinchalik ijobiy qaror qabul qilinganda 5 EKIH miqdorida yig`im to`lanadi).
Hujjatlar paketi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan skanerlanadi va 1 soat mobaynida axborot tizimi orqali Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri er tuzish va ko`chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filialiga yuboriladi.
Filial vakili 3 ish kuni mobaynida joyga chiqqan holda o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o`rganib, uning planini shakllantiradi, uni ariza va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga Ko`chmas mulkka nisbatan huquqni e`tirof etish ishlarini tashkil etish bo`yicha tuman (shahar) komissiyasining (bundan keyin – komissiya) a`zolariga yuboradi. Komissiyaga hokimning sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo`jaligi bo`yicha o`rinbosari boshchilik qiladi.
Komissiya a`zolari 5 kalendar kun mobaynida imoratni joyga borgan holda o`rganadilar va filialga o`z xulosalarini (ma`lumotnomalarini) taqdim etadilar:
• tuman (shahar) er tuzish va davlat kadastri bo`limi boshlig`i – o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan er uchastkasi qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo`lmagan er maydonida joylashgani/joylashmagani to`g`risida;
• tuman (shahar) qurilish bo`limi boshlig`i – o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat bosh reja va uning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga (mavjud bo`lganda), qishloq fuqarolari yig`inlari hududlarini me`moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga (mavjud bo`lganda) zid ravishda, shuningdek muhofaza zonalarida joylashgani/joylashmagani, shaharsozlik normalari va qoidalarining boshqa talablari buzilgani/buzilmagani to`g`risida;
• tuman (shahar) ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig`i – o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan er uchastkasi turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo`lmagan muhofaza etiladigan hududda joylashgani/joylashmagani, o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratni joylashtirishda tabiatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilgani/rioya etilmagani to`g`risida;
• tuman (shahar) davlat bosh sanitariya vrachi – o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat va u joylashgan er uchastkasida sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilingani/rioya qilinmagani to`g`risida;
• tuman (shahar) ichki ishlar bo`limi – o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratdan foydalanuvchi va uning oila a`zolari qaysi manzilda ro`yxatdan o`tganligi yoki ro`yxatdan o`tmaganligi to`g`risida;
• tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi – o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratdan foydalanuvchida mol-mulk solig`i va er solig`i bo`yicha qarzdorlik borligi/yo`qligi to`g`risida;
• tuman (shahar) yong`in xavfsizligi inspektori – o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat va u joylashgan er uchastkasida yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilingani/rioya qilinmagani to`g`risida.
Xulosalar qonun hujjatlari normalari bilan asoslantirilgan, mas`ul mansabdor shaxslar tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan bo`lishi lozim.
O`zboshimchalik bilan qurilgan imorat magistral quvurlar, temir yo`l va avtomobil yo`llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari, qo`riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar, chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko`mish joylari yaqinida joylashganda, komissiya a`zolari tegishli hududlar va inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlardan ma`lumotnomalarni (xulosalarni) so`rab olishga haqli. Bunday so`rovnomaga 3 kalendar kunida javob berilishi kerak.
Fuqarolar o`rtasida nizolar bo`lsa, uni hal qilish komissiya vakolatiga kirmaydi. O`zboshimchalik bilan qurilgan imoratning egasi faqat nizo qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda hal qilingandan keyin va faqat bir martalik aksiya tugagunga qadar unga nisbatan mulk huquqini e`tirof etishni so`rab murojaat qilishi mumkin.
Komissiya ishchi organi 3 kalendar kuni mobaynida uning a`zolarining xulosalariga (ma`lumotnomalariga) asosan o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish mumkin/mumkin emasligi to`g`risida dalolatnoma rasmiylashtiradi. Dalolatnoma komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Quyidagilarga nisbatan mulk huquqi e`tirof etilmaydi:
• bosh reja va uning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, qishloq fuqarolari yig`inlari hududlarini me`moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga (mavjud bo`lganda) zid ravishda joylashgan imoratlarga;
• magistral quvurlar, temir yo`l va avtomobil yo`llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari, qo`riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar, chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko`mish joylari yaqinida joylashgan imoratlarga;
• muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda, shuningdek tabiiy xavfi yuqori bo`lgan hududda joylashgan imoratlarga;
• imorat shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo`lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga xavf tug`dirsa.
Dalolatnomada o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratni e`tirof etish mumkinligi ko`rsatilgan bo`lsa, shu kuniyoq 5 EKIH miqdorida yig`im to`lash uchun hisobvaraq-faktura shakllantiriladi. Murojaat etuvchi 4 ish kuni mobaynida to`lovni amalga oshiradi (muddatda to`lanmagan taqdirda e`tirof etish ishlari to`xtatib turiladi, biroq bir martalik aksiya tugagunga qadar yig`imni to`lab, ularni tiklash mumkin).
Yig`im to`langandan keyin 2 kalendar kuni mobaynida ishchi organi o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratni e`tirof etish to`g`risida tuman (shahar) hokimining qarori loyihasini tayyorlaydi. Qaror qabul qilish uchun 2 ish kuni beriladi. Unda shaxsga er uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish va undan foydalanish huquqi ham ko`rsatiladi. Qaror murojaat etuvchiga davlat xizmatlari markazi orqali 1 ish kuni mobaynida yuboriladi. Markaz o`z muhri bilan tasdiqlangan qarorni murojaat etuvchiga taqdim etadi.
Komissiya dalolatnomada o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish mumkin emasligi to`g`risida xulosaga kelgan bo`lsa, shu kuniyoq rad etish asoslari ko`rsatilgan tegishli xatni davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etuvchiga yuboradi. Xatda kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha tavsiyalar beriladi. Markaz xat tushganidan so`ng 1 soat mobaynida murojaat etuvchini bu haqda xabardor qiladi. Rad javobi berilgan xat markazning muhri bilan ham tasdiqlanadi.
Kamchiliklarni bartaraf etgan fuqaro o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan huquqni e`tirof etishni so`rab yana murojaat qilishga haqli. Bir martalik aksiya muddati tugagunga qadar shunday qilishga ruxsat beriladi. Komissiya qarori ustidan yuqori turuvchi komissiyaga (viloyat yoki respublika darajasidagi) yoxud sudga shikoyat qilish mumkin.






