Bugun O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan xalq ta`limi tizimini tubdan o`zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo`yilgan vazifalar ijrosiga bag`ishlab Bosh vazir A.Aripov rahbarligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tgani haqida xabar bergan edik.
Yig`ilishda o`qituvchilarning ishlashi uchun zarur sharoitlarni ta`minlash o`z holiga tashlab qo`yilgani, etarli mablag` bilan ta`minlanmagani ularning obro`si tushishiga olib kelgani haqida aytib o`tildi.
Bu esa yaxshi kadrlar, ayniqsa, erkak muallimlarning sohani tark etishiga olib keldi. Oqibatda ta`lim va tarbiyadagi oltin xalqaga putur etdi. Chunki maktabda erkak o`qituvchining o`ziga yarasha o`rni borligini inkor etib bo`lmaydi.
Aslida ustoz va muallimlarni xalqimiz azaldan ziyo tarqatuvchi kasb sohiblari sifatida e`zozlab kelgan. Ularning odamlar orasida tutgan o`rni, obro`-e`tiboriga qarab yosh avlodning ko`pchiligi bu kasb egasi bo`lishni orzu qilgan.
Ammo keyigi paytda yo`l qo`yilgan ayrim kamchiliklar, soha vakillariga e`tiborning pasaygani tufayli ular xor bo`ldi. Endi bunga butunlay barham berish, butun jamiyat, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari o`qituvchiga bo`layotgan noxolis munosabatlar haqida bong urib, ularga chek qo`yishga o`z hissasini qo`shishi darkor.
O`qituvchilarni munosib rag`batlantirish, maoshini oshirish choralari ko`riladi. Ammo, bular bir kunda bo`ladigan ish emas. Bu, albatta, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
O`qituvchilarning zarur sharoitda ishlashi uchun maktablar infratuzilmasi yaxshilanadi, yangi maktablar bunyod etiladi. Qurilayotgan boshqa korxonalar vaqtida ishga tushmasligi mumkin, lekin maktab o`z vaqtida ishga tushishi shart.
Bunday shart-sharoitlar yaratilishi malakali kadrlar, ayniqsa, erkak o`qituvchilarni maktabga jalb etishga yana imkon berishi shubhasiz, deb yozadi O`zA.






