Toshkent shahrining har bir mahallasida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi va Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashining Toshkent shahrining har bir mahallasida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlarini tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berildi.
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tarkibi:
muddatli harbiy xizmatni o`tash niyatida mudofaa ishlari bo`yicha tuman bo`limiga murojaat qilgan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar;
respublika oliy harbiy ta`lim muassasalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining ta`lim muassasalariga kirish istagini bildirgan nomzodlar;
ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar orasidan shakllantirilishi nazarda tutildi.
Shuningdek:
- jamoatchilik guruhlari tarkibiga kirish mudofaa ishlari bo`yicha tuman bo`limlari yoki ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan yo`llanmalar asosida amalga oshirilishi;
- jamoatchilik guruhlari ular faoliyat olib boradigan mahalla hududida yashovchi yoshlardan shakllantirilishi;
- jamoatchilik guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish bo`yicha javobgarlik tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosarlari va profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklanishi;
- jamoatchilik guruhlarining har bir a`zosi sutkaning kechki va tungi vaqtida belgilangan yo`nalish bo`yicha umumiy 100 soatdan kam bo`lmagan vaqt miqdorida patrullik qilishga jalb etiladi va bu xizmatga (o`qishga) hujjatlarni yakuniy qabul qilishga asos hisoblanishi;
- o`zining mahallasida huquq tartibotni ta`minlashda faol qatnashgan jamoatchilik guruhi a`zolariga profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolar yig`inlari raislari bilan birgalikda xizmatga (o`qishga) tanlov o`tkazishda inobatga olinadigan tavsiyanomalar berilishi mumkinligi belgilab qo`yili.






