Sifatsiz hamda iste`mol qilish muddati o`tgan oziq-ovqat mahsulotlari inson salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi, shubhasiz. Afsuski, ushbu oddiy haqiqatdan ko`z yumgan ayrim kimsalarni yurtdoshlarimizning salomatligidan ko`ra, qing`ir yo`l bilan topilgan mo`may daromad ko`proq qiziqtirmoqda.
Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmatining xabar berishicha, qo`mitaning Kontrabandaga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari oldindan tezkor kuzatuvga olingan ikkita “Kamaz” rusumli yuk avtoulovlarini Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumani hududida to`xtatib, ko`zdan kechirganida, ushbu mashinalarda yorliqlari olingan jami 120 ming dona konserva mahsulotlari borligi aniqlandi.
Dastlabki tekshiruvlar davomida ushbu konserva mahsulotlari poytaxtdagi tashkilotlardan birining omboridan yuklab olib chiqib ketilganligi aniqlandi. Shundan so`ng, bojxonachilar Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi mazkur omborni ko`zdan kechirganda, omborxonada muddati o`tgan konservalardan shilib olingan yorliqlar qoplarga joylab qo`yilganligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, o`tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur ombordan konserva mahsulotlarini yuklab olib chiqib ketgan yana bir “Isuzu” rusumli yuk avtoulovi Toshkent shahri hududida to`xtatib qolindi. Ushbu mashina yukxonasida ham yorliqlari olib tashlangan jami 27 ming 180 dona konserva mahsulotlari noqonuniy olib ketilayotgan ekan. Aniqlanishicha, O`zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi tomonidan ushbu tashkilotga berilgan sanitariya xulosasida jami 147 ming 180 dona konserva mahsulotlarining yaroqlilik muddati 2017 yilning fevral-iyul oylarida tugaganligi va iste`molga yaroqsizligi sababli belgilangan tartibda yo`q qilinishi so`ralgan. Ammo, Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi bosh hisobchisi R.L. o`zi ishlayotgan tashkilotning xulosasidan xabardor bo`lgach, ushbu muddati o`tgan mahsulotlarga katta o`lja sifatida qarab, vijdoni unutdida, zudlik bilan o`zining qing`ir rejasini tuzishga kirishdi. U muddati o`tgan mahsulotlarni o`zgalarga sotib, firibgarlik yo`li bilan noqonuniy mulkiy naf ko`rish maqsadini amalga oshirish uchun Samarqand viloyati, Kattaqo`rg`on tumanidan xaridor topishga erishdi. Ularga konservalarni pullash evaziga naqd 30 million so`mni qo`lga kiritmoqchi bo`ldi. Ammo uning qing`ir rejasini amalga oshishiga bojxona xodimlari imkon bermadi.
Ushbu qonunbuzarlar iste`mol muddati o`tgan konserva mahsulotlariga boshqa yorliq yopishtirgan holda muddati o`tgan mahsulotlarni ichki iste`mol bozorida sotishga erishsa, bundan qancha yurtdoshlarimizning sog`ligiga jiddiy ziyon etkazishi mumkin edi. Nahotki nafs bandalari buni o`ylab ham ko`rmagan bo`lsa. Endi ular qonun oldida qilgan qilmishlari uchun javob berishlariga to`g`ri keladi. Hozirda qonunbuzarlik holatini sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






