O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida ta`lim dargohini tamomlagan yosh ofiserlarning bitiruviga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.
Safda turgan yosh ofiserlarga o`tgan davr mobaynida tajribali professor-o`qituvchilar tomonidan mutaxassisliklar bo`yicha zamonaviy moddiy-texnik baza asosida ta`lim-tarbiya berildi. Institutda tahsil olish jarayonida bo`lajak ofiserlarning yuksak professional tayyorgarlikka, eng ilg`or innovasion bilim va ko`nikmalarga ega bo`lishlariga, xorijiy tillarni o`rganishlariga alohida ahamiyat berildi. Natijada bitiruvchilarning harbiy bilim va ko`nikmalari yuksalish bilan birga, ularning qalbida vatanparvarlik, sadoqat va matonat tuyg`ulari shakllandi.
Tantanali marosimga O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo`mondoni B.X.Tashmatov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, taniqli davlat va jamoat arboblari, bitiruvchilarning ota-onalari tashrif buyurishdi.
Tadbirda so`zga chiqqan Institut boshlig`i M.X.Rustambaev, safda qad rostlab turgan ofiser-kadrlar O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Institutining birinchi bitiruvchilari hisoblanishini, kelgusida ular qanday lavozimlarda xizmat qilishmasin, yuksak mas`uliyat, halollik va kamtarlik fazilatlarini namoyon etishlarini, ona Vatani, xalqi va Prezidentiga bir umr sodiq qolishlarini ta`kidladi. Shundan keyin Milliy gvardiya Qo`mondonining ruxsati bilan bitiruvchilarga diplom va ko`krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali tadbirda O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo`mondoni B.X.Tashmatov so`zga chiqib, yosh ofiserlarni institutni tamomlaganliklari, ofiser degan sharafli nomga sazovor bo`lganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. So`ngra harbiy orkestr sadolari ostida O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etildi.
Tantanali marosimda Institut bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari so`zga chiqib, yosh ofiserlar va ularning yaqinlarini unutilmas bayram bilan tabriklashdi.
Tadbir tafsilotlarini respublikamiz ommaviy axborot vositalarida yoritish maqsadida, muxbir va jurnalistlar tashrif buyurishdi.
Harbiy-texnik institutini tamomlagan yosh ofiserlarning bitiruviga bag`ishlangan tantanali marosimdan so`ng, Institut bitiruvchilari va ularning ota-onalari e`tiboriga Institut badiiy jamoasi ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Mazkur tadbirning barcha ishtirokchilari ko`zlarida quvonch va xursandchilik yaqqol namoyon bo`ldi.






