Innovasion rivojlanish va novatorlik g`oyalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan aholida saqlanayotgan noyob qo`lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar xarid qilindi.
Vazirlik matbuot xizmati ma`lumotlariga qaraganda, jamg`arma ijro etuvchi direksiyasi, Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va noyob hujjatlar egasi bo`lgan jismoniy shaxslar o`rtasida o`rnatilgan tartibda shartnomalar tuzildi hamda 29,2 mln. so`m mablag` noyob hujjatlarning egalariga o`tkazib berildi.
Xarid qilingan 38 turdagi kitoblar, qo`lyozmalar tarixiy, badiiy, adabiy, diniy va ilmiy ahamiyatga oid manbalar hisoblanadi. Aholidan noyob kitoblar, tarixiy xujjatlar sotib olinarkan, ularni ilmiy muomalaga kiritish maqsad qilib qo`yilgan. Yosh tadqiqotchilarga tadqiqot manbai sifatida xizmat qilishi mumkin bo`lgan bu tarixiy ashyolar aholi qo`lida qolib yo`qolib ketishi yoki yaroqsiz holga kelishining oldi ham olinadi. Bundan tashqari, qo`lyozmalarni zarur shart-sharoitlarda saqlanishi, restavrasiya qilinishi ta`minlanadi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekistonda asrlar davomida Markaziy Osiyo bo`yicha eng boy qo`lyozma meros jamlangan bo`lib, uning salmoqli qismi O`zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Har biri ulkan ma`naviy obida, madaniyat durdonasi bo`lgan bu qo`lyozmalar fondi jahon miqyosida beqiyos ahamiyatga ega bo`lgan bebaho xazinadir.
Mazkur fond 2000 yilda noyob ilmiy va madaniy ob`ektlardan biri sifatida YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro`yxatiga kiritilgan. Institutning qo`lyozmalar fondi oltita alohida bo`limdan tashkil topgan bo`lib, arab, fors, eski o`zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 26 ming jild qo`lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlardan tashkil topgan.