Poytaxtimizda axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida hamkorlik bo`yicha O`zbekiston va Fransiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Tadbirda tijorat banklari, mobil aloqa kompaniyalari, shahar yo`lovchi transporti va chakana savdo sohasi vakillari, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani tadbirkorlikni rivojlantirish, xizmat ko`rsatishni yanada yaxshilashda muhim omil ekani hech birimizga sir emas.
Elektron tijoratni rivojlantirish, bu borada xalqaro tajribani o`rganish va hamkorlikni kengaytirish bo`yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, Fransiyaning “Sofrecom” va “Aesma” kompaniyalari bilan hamkorlikda NFC (simsiz kommunikasiya) texnologiyasini joriy etishga kirishildi. Mobil telefon orqali savdo xaridlari to`lovini boshqarishga ko`mak beradigan ushbu tizim g`oyat qulay va samaralidir.
Yaqin kunlarda ushbu texnologiyani jamoat transportida, keyinchalik, supermarketlar va savdo markazlarida, dorixonalar, umumiy ovqatlanish muassasalari va kommunal xizmat to`lash punktlarida joriy etish rejalashtirilmoqda. NFC texnologiyasi bilan barcha turdagi bank kartalari orqali to`lov amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Biznes-forumda mamlakatimizda NFC texnologiyasini amaliyotga tatbiq etishda tijorat banklari, mobil aloqa kompaniyalari va savdo majmualari o`rtasidagi hamkorlikni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.





