AsosiyJamiyat

Munosabat: Tirnoq ostidan kir qidirmaylik

'Munosabat: Tirnoq ostidan kir qidirmaylik'ning rasmi

Muqaddas dinimizda: «Hamma narsa niyatga bog`liq», – degan ajib hikmat bor. Niyat xolis bo`lmas ekan, oqni qora, qorani oq ko`rish mumkin. Dunyoda bundan yomoni yo`q. Chunki bunda haqiqat poydevoriga darz ketadi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan voqea-hodisalarga ayrim fuqarolarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali o`z shaxsiy munosabatini bildirishga qiziqayotgani – yaxshi narsa. Biroq munosabatda munosabat borda. Ya`ni munosabat ham xolis bo`lishi kerak.

O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning bir manzumasida odamlar eshakka minib ketayotgan chol bilan nevarani tanqid qilishadi. Ularni eshakka rahm qilmaganga chiqarishadi. Keyingi qishloqdan o`tayotganda chol eshakka minib oladiyu, nevara piyoda yuradi. Bu gal cholni nevaraga rahm qilmaganlikda ayblashadi. Uchinchi qishloqdan o`tishayotganda nevara eshakka minadi-yu, chol piyoda yuradi. Yana tanqidga uchrashadi...

Nima qilsang ham odamlar gapiraveradi ekan-da, degan xulosa chiqadi asardan. Elning og`ziga elak tutib bo`lmas ekan-da.

Yo`q: bunaqasi ketmaydi!

Kuni-kecha mamlakatimizga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning davlat tashrifi bilan kelib ketgani ayrim fuqarolarimizning ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman munosabat bildirishlari uchun mavzu bo`ldi. Ularning aksariyatini bunday yaqin qo`shnichilik nihoyatda xursand qilgani bayon etiladi. Biroq bular orasida shundaylar ham topildiki, ularga qo`shni davlat rahbarining izzat-hurmati uchun poytaxtimiz ko`chalariga talaba yoshlarning saf tortib, ikki davlat bayrog`ini ko`tarib turishi ma`qul tushmabdi. Ana xolos!

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz tashqi siyosatini yangi pog`onaga ko`tarish, xalqaro maydonda obro`-e`tiborimizni yanada oshirish, avvalo, yon qo`shnilarimiz bilan ikki taraflama manfaatli do`stona aloqalarni yangi pog`onalarga ko`tarishning tashabbuskori bo`lib kelyapti. Qozog`iston Respublikasi, Qirg`iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston bilan aloqalarimiz borasida o`tgan bir yarim yildan oshiqroq davr mobaynida tamoman yangi sahifalar ochildi.

Turkmaniston Prezidentini kutib olish bilan bog`liq tadbirlarda yoshlarimizning ishtirokiga yaxshi niyat bilan qarash zarur, deb o`ylayman. Axir yaqindagina O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi chog`ida ham bu qo`shni mamlakat yoshlari xuddi shunday hurmat-ehtirom ko`rsatdi-ku! Axir, mehmonnavozlik biz – Markaziy Osiyo xalqlarining qon-qoniga singib ketgan-ku.

Ikki davlat hayotida yuz berib turgan shunday katta ijtimoiy-siyosiy voqeaga munosabatda bunday maydalashish yaxshilik alomati emas.

Xullas, tirnoq ostidan kir qidirmaylik!

Dildora OLIMOVA, jurnalist

O`zbekiston Yoshlar ittifoqi huzuridagi «Yoshlar media markazi» nodavlat notijorat tashkiloti G`oyaviy rejalashtirish bo`limi boshlig`i

    Boshqa yangiliklar