Samarqand xalqaro aeroportida 17 fevralda “Domodedova-Samarqand” yo`nalishida uchib kelgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi “yashil” yo`lak orqali sigareta partiyasini noqonuniy olib o`tmoqchi bo`lgan, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.
Bojxona nazorati zonasidan o`tish vaqtida unga tegishli bo`lgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan 9 million 750 ming so`mlik 39 blok “Parliament” tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan.
Sud qaroriga ko`ra, huquqbuzarga eng kam oylik ish haqining 1 (bir) baravari miqdorida, ya`ni 172 240 (bir yuz etmish ikki ming ikki yuz qirq) so`m jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan bahosi 9 million 750 ming so`mlik 39 blok, har bir blokda 10 pachkadan, jami 390 pachka “Parliament” yozuvli tamaki (sigaret) mahsulotlarini yo`q qilish bo`yicha sudning qarori qabul qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevral kuni “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to`lovlari olinadigan tovarlarni mamlakatga olib kirishning chegaraviy me`yorlari tasdiqlangandi.
Unga ko`ra barcha turdagi tamaki mahsulotlari 10 qutigacha olib kirishga ruxsat etilgan, deya eslatadi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.






