O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish yuzasidan o`tkazilgan jamoatchilik fikrini o`rganish bo`yicha Respublika ishchi guruhining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar tarqatdi.
Tadbirda senatorlar, Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Din ishlari bo`yicha qo`mita, Xotin-qizlar qo`mitasi, Musulmonlar idorasi, Yoshlar ittifoqi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Savdo-sanoat palatasi kabi davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisida qabul qilingan “To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish masalalari haqida”dagi Qarorning ijrosi tahlil qilindi.
Respublika ishchi guruhi a`zolari ushbu masala bo`yicha jamoatchilik fikrini o`rganish natijalarini, shuningdek fuqarolardan kelib tushayotgan taklif va tavsiyalarni muhokama qildilar. Qayd etilganidek, bildirilgan ushbu fikr-mulohaza va takliflar guzarlarda aholiga qulay to`yxonalar qurish, kafe va restoranlar, san`atkorlar tomonidan ko`rsatiladigan xizmat haqini, oilaviy tadbirlar, ayniqsa, osh berish tadbirlari o`tkazilish vaqtini tartibga solish, mehmonlar sonini aniqlash masalalarini, shuningdek to`y bilan bog`liq turli xil tadbirlar o`tkazish, asl an`analarimiz va qadriyatlarimizga zid bo`lgan bema`ni-bachkana odatlarga yo`l qo`ymaslik bilan bog`liq masalalarni hal etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O`rganishlar jarayonida aholidan bu borada jamoatchilik nazoratini o`rnatish zarurligi haqida asosli takliflar kelib tushdi. Tumanlarda istiqomat qiluvchilar hududlarning o`ziga xos jihatlariga, to`y-hasham va osh berish marosimlarida ishtirok etuvchilar soniga, to`y marosimlarini o`tkazish vaqtida kelin-kuyovni olib yuradigan engil avtomashinalar miqdoriga alohida e`tibor qaratish lozimligini bildirdilar. Jamiyatda qabul qilingan odob-axloq qoidalariga qat`iy amal qilish zarurligi, shuningdek pullik avtotransport xizmati lisenziyaga ega bo`lmagan tashuvchilar tomonidan ko`rsatilishiga, milliy urf-odat va an`analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga, mahallalarda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligiga putur etkazilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha talablar ijro etilishini nazorat qilish zarurligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda to`yxonalarning infratuzilmasini yaxshilash, masalan, avtotransport vositalarini saqlash joylarini barpo etish, kafe va restoranlarga yaqin hududda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik, ovoz darajasi uchun qoida va normalar belgilash, sanitariya-gigiena qoidalariga, oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablariga, xavfsizlikka rioya etish bo`yicha aholidan kelib tushgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.
Bildirilgan takliflardan kelib chiqib, ishchi guruh a`zolari hududlarga biriktirildi. Ularning zimmasiga hududiy ishchi guruhlar bilan birgalikda tegishli tashkilot vakillarini hamda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va to`yxona egalarini jalb qilgan holda aholining fikr-mulohazalarini yanada chuqur o`rganish va takliflarni muhokama qilish, shuningdek mazkur masalaning televidenie, radio, hududiy bosma nashrlar orqali yoritilishini ta`minlash vazifasi topshirildi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan bu boradagi vaziyatni o`rganish davom ettiriladi.






