AsosiyShou-biznes

Shahnoz: “Meni rad etishsa-da, o`zimga ishonchim ortdi!”

Shahnoz — shou biznes olamida mashhurlikka erishish bilan birga oddiylikni saqlab qola olgan ijodkor. Bugun san`atkorlar orasida bundaylar barmoq bilan sanarli. U laganbardorlik, ikkiyuzlamachilikni bilmaydi. Nima o`ylasa, shuni gapiradi. Xonanda, bastakor va shoira ShAHNOZni intervyu berishga ko`ndirish oson kechgani yo`q. Chunki u dilidagi gaplarni yuzaga chiqarish uchun hamon qulay fursatni kutyapti. U bilgan, ko`rgan shou-biznesning qing`irliqlari juda ko`p. Ko`z yumib ketishga majbur bo`lgan vaqtlari bisyor. Biroq Shahnoz bu haqida “gapirishning mavridi emas”, deydi...

— Bugun  shou-biznesda Shahnoz nomini juda kam eshitadigan bo`lib qolganmiz. San`atkorlar davrasi, premeralar, katta taqdimot marosimlarida deyarli ko`rinmaysiz?

Aslida shou-biznesga siz o`ylaganchalik katta reklama bilan kirib kelmaganman. Odamlar meni reklamaning kuchi bilan emas, qo`shiqlarim orqali tanishgan.

— 2012 yil “Istiqlol” san`at saroyida ilk bor jonli ijrodagi konsert dasturingizni taqdim etgandingiz. So`ngi yillarda to`liq jonli ijroda konsert bergan ayol xonandalar ro`yhatini  ham siz boshlab bergansiz. Eshitishimcha, yana konsertga bel bog`labsiz?

— Ochig`i, jonli ijroda konsert qo`yish fikri tug`ilganida “men birinchi bo`lishim kerak”, degan o`y umuman bo`lmagan. Boisi jonli ijroda yakkaxon konsert dasturimni berishni uzoq yillar niyat qilgandim. Konsert harakatlari boshlangachgina haqiqatdan ayol xonandalar orasida jonli ijroni birinchi bo`lib o`zim boshlab berganimni bildim. To`g`risi faxrlandim! Bu bilan manmanlikka borish fikridan yiroqman. Chunki jonli ijroda kuylay oladigan san`atkorlarimiz talaygina. Ko`plarining jur`atlari etmasdi, xolos. Men esa ularga biroz dalda bo`ldim. Men bilan bir saxnada ter to`kib mehnat qilgan sozandalar O`zbekiston san`at arbobi Alisher Ikromov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Toir Qo`ziev va Ma`ruf Azimov, Olim Hakimov, Ma`murjon Zilolov, “Serenada ijod” guruhining ham xizmatlari beqiyos. Nasib qilsa, bu yildan rejalarim katta. “Shahnoz va uning do`stlari” nomli jonli ijrodagi konsert dasturimni taqdim etmoqchiman. Ayni damda ushbu konsert dasturida jonli kuylay oladigan xonandalar ro`yhatini tuzyapmiz.

— Do`stlaringiz jonli ijrodan qo`rqishmasmikan?

(Kulib) Hozir tayyorgarlik jarayonlari ketyapti. Konsertda kimlar chiqishi haqida avvaldan hech narsa deyolmayman.

— Shahnozni shou-biznes vakillari ham, muxlislar ham shu vaqtgacha “Tarona rekords” kompaniyasining bir bo`lagi, deb bilishgan. Lekin 2012 yildagi kutilgan konsertingiz “Tarona”ning ko`magisiz o`tkazildi...

— “Tarona”chilar bilan shu vaqtgacha bir oiladek yashadik. Undagi muammo va quvonchlarni birga baham ko`rdik. Eng qiyin vaziyatlarda ham, baxtiyor kunlarimda ham faqat “Tarona”ga suyanaman, deb o`ylardim. Jonli ijroda konsert bermoqchiligimni aytganimda “Tarona rekords” rahbariyati bunday konsertning mablag`ini zimmasiga ololmasligini aytdi. Men hech kimdan xafa bo`lganim yo`q, aksincha o`sha kunning o`zida o`zimga ishonchim ortdi. Yillar davomida ular tomonidan berilgan va`dalar sarob bo`lib chiqqanidan keyin ham konsert berish fikridan qaytganim yo`q. Shukr, xalqning ko`z o`ngida, san`atkorlarning qarshisida jonli ijroni uddaladim.

— “Tarona rekords” kashf qilgan yulduzlarning tanilishida beqiyos xizmatingiz bor. Nahot sizning yillar davomidagi mehnatlaringiz konsertga kelganda ko`zga ko`rinmadi?!

(Kulib) Men ham shunga hayronman. Yaxshisi bu savol bilan “Tarona rekords”ga murojaat qilganingiz ma`qul. Bir narsani ta`kidlashni xohlardim, men bugun siz aytgandek, “Tarona”ning bir bo`lagi emasligimdan achinmayman. Balki ularning ham tutgan yo`li to`g`ridir... Lekin o`tgan umrim va yillarimga achinaman, xolos. Balki avvalroq mustaqil faoliyat yuritganimda bugun ko`proq narsaga erishgan bo`larmidim. Xolbuki, “Tarona rekords” bilan o`rtamizdagi shartnoma 2005 yilda tugab bo`lgan ekan. Men shu vaqtgacha buni bilmay o`rtadagi shartnoma buzilmasin, deb yuraveribman.

— Konsertingizda Rayhon, Davron Ergashev, Sherzodbek, “Ato” guruhi chiqish qilishdi. Siz oilam deb atagan “Tarona”chilardan hech kim ko`rinmadi. Vaholanki, o`sha vaqtlarda ular ham jonli ijroda o`zini sinab ko`rayotgan edi...

— Men taklif qilmadim, ular ham “ishtirok etamiz”, deyishmadi. Ammo hammalari kelib, dalda bo`lib, qo`llab-quvvatlab turishdi.

— Shahnoz tajribali ijodkor sifatida kechagi va bugungi shou-biznesga qanday baxo beradi?!

(O`ylanib) Bu mavzu haqida gapiraman, desangiz kun botib, tong otadi. Shaxsan men qaysi san`atkor qanday qo`shiq kuylayotganidan tortib, kim bilan do`stlashyapti, nima ilinjida sahnaga chiqyapti, qaerda yutyapti-yu qaerda yutqazyotganini juda yaxshi ko`rib, bilib turibman. Ammo bu haqda gapirmayman! Har kimning xatosi o`ziniki. Faqat bir narsaga ko`z yumib ketishga vijdonim yo`l qo`ymaydi. U ham bo`lsa o`g`irlik! Qanday qilib birovning mehnati, tayyor qo`shig`ini so`ramasdan, xalqni aldab kuylab chiqish mumkin? Kamiga “qo`shiq asli meniki!” deb da`vo ham qilishadi. Oddiy muxlis balki payqamas, lekin biz ko`rib turibmiz-ku!

— Balki mualliflik huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar samarali faoliyat yuritmayotgani uchun shunday holatlar uchrab turgandir?

— Rasmiyatchilikni chetga surib qo`yaylik, iltimos. Axir har birimizda o`sha siz aytgan oliy “tashkilot” — vijdon bor-ku! Nahot o`zimizni o`zimiz nazorat qilolmasak?

— Xalq shuni talab qilyapti, deydigan xonandalar ham bor.

(Jaxli chiqib) Qanaqasiga? Hech qachon muxlislarning xonanda yoniga borib “o`g`irlab qo`shiq kuylang”, deganini ko`rmaganman. Ijodiy tanaffusim davomida shou-biznesdagi bugungi jarayonlarni juda uzoq kuzatdim. Xonanda do`stlarim xalqni aldash oson, deb o`ylashsa xato qilishadi. Oddiy odamlar orasida ulardan ancha iste`dodli, bilimlilari juda ko`p. Bilasizmi, kuniga qancha-qancha xonandalar yonimga kelishadi. Avvaldan shart qo`yaman “qo`shig`ing o`g`irlangan bo`lsa, sen bilan ishlay olmayman” deb. Yoki o`ziga mos bo`lmagan qo`shiqni yozib berishga ham vijdonim yo`l qo`ymaydi. Hozir nega “xit” qo`shiqlar, san`atkorning tashrif qog`oziga aylanadigan taronalar kam? Chunki qo`shiqda xonandaning ichki dunyosi aks etmayapti. U kuylayotgan gaplar o`ziniki emas. Shuning uchun ham tinglovchi uni engil qabul qilyapti.

— Ko`pgina san`atkorlarning nafaqat tanilishi, balki tan olinishida katta xissa qo`shgansiz. Sizning qo`shiqlaringiz sabab ko`p xonandalar o`z o`rnini topdi. Lekin ba`zilari bugun sizning atrofingizda emas?

— Yo`q, bu fikringizga biroz qarshiman. Agar do`stlik ma`nosida aytayotgan bo`lsangiz, ishontirib aytamanki hammalari bilan munosabatimiz yaxshi. Chunki men g`iybat, bo`xtonlardan yiroq odamman. Birovning qalbini yaralash qanchalik azobligini ham yaxshi bilaman. Hamkorlikda ishlashga kelsak, har kim o`zi istagan bastakor yoki shoir bilan ishlash imkoniyatiga ega. Istagan xonandangizdan so`rab ko`rishingiz mumkin, yonimga qo`shiq so`rab, hamkorlik qilish niyatida kelganlarga ijod namunalarimni eshittirib ko`raman. Va boshqa bastakorlarning ishlarini ham ko`rishini, balki ulardan o`zi qidirayotgan narsani topishi mumkinligini maslahat beraman.

— She`rlaringiz haqida gaplashsak. Qo`shiqlar uchun yozilgan she`rlaringizda ma`no bor-u, qofiya yo`q...

— Bilaman! She`r yozayotganimda asosiy e`tiborni qofiyaga emas, balki mazmun, voqeabandlikka qarataman. Balki shuning uchun ham ular tinglovchilarning qalbiga tezroq etib borar. Tez orada barcha qo`shiqlarimning she`rlarini to`plab, yaxlit kitob holida muxlislarga taqdim etmoqchiman.

— O`zingiz haqingizda tarqalgan so`ngi gap-so`zlar qulog`ingizga chalingandir?

— Ya`ni?

— Shahnoz og`ir betob ekan, chet elga ketib qolibdi... Xullas bunday gaplarning oxiri ko`rinmaydi. Ochig`i, intervyu berishga ko`navermaganingizdan bu gaplar rost, deb o`ylagandim...

(Kulib) Eshitganlaringiz mening qulog`imga etib kelganlari oldida hech narsa emas-ku! Kimdir “to`shakka mixlanib qolibdi” desa, yana birov “saraton kasalligiga chalinibdi”, degan gaplarni o`ylab topdi. Biroz tobim bo`lmagani rost. Bundan bir necha yillar ilgari ish vaqtida oyog`imni sindirib olgandim. Ish, yugur-yugurlar bilan bo`lib davolanishga tuzukroq vaqt topa olmaganim yillar o`tib o`z asoratini ko`rsatdi. Oyog`imning to`piq qismida biroz suv to`planishi oqibatida yurishga qiynalib qoldim. Hatto Rossiyaga borib, shifokorlar ko`rigidan o`tib kelishga ham to`g`ri keldi. Shukrki hozir sog`ligim joyida.

— Shahnozning ko`p qo`shiqlari muhabbat haqida-yu, lekin uning bu mavzuda hech qaerda gapirganini eshitmaganmiz?

— Agar qo`shiqlarimning mavzusidan kelib chiqib, muhabbatdan zada bo`lgan yoki javobsiz muhabbatning qurboni, desangiz adashasiz. Siz tilga olgan o`sha oliy tuyg`u kimning qalbiga qachon kirib borishini hech kim bilmaydi. Shuning uchun bu haqida gapirishimning mavridi emas.

— Karerani deb ancha narsani boy berdingiz. Balki shaxsiy hayotni yo`lga qo`yishning vaqti kelgandir?

— Ha albatta! Bu haqida umuman o`ylamayapman, desam xato bo`ladi. (Kulib) Agar bu intervyu men xohlagandek bugun emas, balki biroz vaqtdan keyin bo`lganida edi, shaxsiy hayotimda ham aytishga arzigulik yangiliklar bo`larmidi... Hozircha shaxsiy hayotim, shaxsiyligicha qolaversin!

Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar