BMTning oliy assambleyasi Iordaniya shahzodasi Zeid al-Xusseynni inson huquqlari bo`yicha oliy komissari etib tayinladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Avvalroq, BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Iordaniya shahzodasini ushbu lavozimga tayinlashga tayyor ekanligi haqida ma`lum qilgan edi.
BMTda Iordaniyaning vakili Zeid al-Xusseyn inson huquqlari bo`yicha oliy komissar lavozimiga rasman sentyabr oyidan kirishadi. U ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelgan janubiy afrikalik Navi Pilleyni almashtiradi.
“Men Osiyo qit`asidan, musulmon va arab dunyosidan tayinlangan ilk oliy komissar bo`laman”, - dedi shahzoda Zeid BMTning bosh assambleyasida qilgan chiqishida.
Shahzoda qayd etishicha, uning ushbu lavozimga tayinlanishi jahon tashkilotini dunyoning boshqa qismlaridagi kabi Osiyo qit`asida ham inson huquqlarini himoya qilishga tayyor ekanligini bildiradi.





