AsosiyShou-biznes

Anvar Sanaev: “Kliplarim o`tmagani uchun badiiy kengashdan ranjigan edim...”

Muxlislari tomonidan muhabbat kuychisi deya nom olgan  Anvar Sanaevda bir ijodga xos bo`lgan qaysarliq, injiqlik, “ko`rinmas”lik kabi barcha fazilatlarni uchratamiz. Ammo uning ayni damdagi “ko`rinmas”ligini bu gal yaxshilikka yo`ysak bo`ladi! Sababi, xonanda 7-8 iyun kunlari “Istiqlol” san`at saroyida muxlislari uchun o`z yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. 

— Konsertga tayyorgarlik jarayonlari qanday ketyapti? Bu galgi konsert dasturingizning o`ziga xosligi nimada?

— Katta saroyda konsert dasturini namoyish etish, yoshi va dunyoqarashi turlicha bo`lgan muxlislarga birdek manzur keladigan dasturni tuzish oson emas. Bunga oylab, ba`zida yillab tayyorgarlik ko`rishga to`g`ri keladi. Muxlislarning talabi va tashkilotchilarning taklifi bilan shu yil konsert berishga ahd qildim. Lekin tayyorgarlikni o`tgan yiliyoq boshlagandim. Bu yilgi konsertda yigirmaga yaqin yangi qo`shiqlar ijro etaman, deb reja qilganman. Lekin konsert paytida muxlislar istagini ham nazardan chetda qoldirmayman. Sahna bezaklari, raqslar, teatrlashtirilgan tomoshalar… Qisqasi, navbatdagi dastur avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Har holda buning uchun jiddiy tayyorgarlik ko`rayapmiz.

— Yangi qo`shiqlari bilan muxlislar e`tiborini torta olmayotgan ayrim san`atkorlar eski qo`shiqlari bilan  jalb etishga urinadi...

—  Yuqorida aytib o`tganimdek, barcha yoshdagi va dunyoqarashdagi muxlislarning ko`nglini topish biroz mushkul. Chunki ularning qo`shiqlarga bo`lgan talabi ham turlicha. Ba`zi muxlislar ko`nglidan joy olgan qo`shiqni tinglash uchun konsertga tushadi. Ularni ranjitmaslik uchun albatta, har bir dasturda “xit” qo`shiqlar ham o`rin egallashi kerak. Lekin baribir konsertning asosini yangi qo`shiqlar tashkil etishi tarafdoriman.

— “Chin oshiqlar” qo`shig`i klipidagi chiqishingiz o`ziga xos. Konsertni ham “Chin oshiqlar” deb nomlabsiz. Adashmasak, bu qo`shiqni avvalgi konsert dasturingizda ijro etgandingiz.

— Odatda barcha kliplarimning g`oyasi va syujetini o`zim yozib, so`ng rejissyor bilan  maslahatlashaman. Qo`shiq mazmuni va ohangidan kelib chiqqan holda, klip suratga olinadi. “Chin oshiqlar” qo`shig`iga ikki inson hayotidagi voqealar xuddi kinotasmadek  aks etadigan  klip suratga oldirishni istadim. U qo`shiq mazmunini boyitishi va tomoshabin qalbini yanada ta`sirlantirishi kerak edi. Konsert nomiga kelsak, “Chin oshiqlar” umumiy nom. Barcha konsert dasturimda bir nechta sevgi va muhabbatni tarannum etadigan qo`shiqlar o`rin oladi.

— “Oh dedim” klipingiz haqida ko`pchilik tanqidiy fikr bildirdi. Ularning  fikrlari asoslidek... 

— Har kimning didi har xil. Siz tanqidiy fikr eshitdingiz, men esa faqat “Yaxshi, raqsbop qo`shiq bo`libdi”, degan e`tiroflar eshitayapman. Lekin tanqidlar noo`rin deyishdan ham yiroqman. Besh barmoq barobar bo`lmaganidek, barchaga manzur keladigan qo`shiq yaratish ham mushkul. Muxlislarimga ikkita lirik qo`shiqni taqdim etgach, bita sho`x, kayfiyatni ko`taradigan qo`shiq ijro etishni niyat qilgandim. Qo`shiq tayyor bo`lgach, unga rejissyor bilan maslahatlashib, biroz noodatiy klip suratga oldirishni lozim ko`rdim. Ishonasizmi, klipda yuzga yaqin aktyor, aktrisa va raqqosalar suratga tushdi. Ular uchun alohida kiyim va taqinchoqlar ham tayyorlandi. Endi klip byujetini tasavvur etavering (kulib).

— Farzandlaringiz orasida san`atga qiziqish bildirayotganlar bor-yo`qligi haqida matbuotda keyinroq xabar berishni va`da bergandingiz?

—  Qachon va`da bergandim? Negadir eslolmayapman (kulib). O`g`lim Sodiqjon san`atga qiziqadi, kelajakda shu soha egasi bo`lishni niyat qilgan. Qizim Asal esa aktrisa bo`lishni orzu qiladi. Uning qiziqishlarini inobatga olib, barcha sharoitlarni yaratib berdim. Hatto, bir necha marta “Otalar so`zi-aqlning ko`zi” ko`rsatuvida rol ham ijro etdi. Lekin farzandlarning qiziqishlari ham o`zgarar ekan. Qizim endi aktrisalikka emas, dizaynerlikka qiziqayapti. Hozir shu soha bo`yicha saboq olayapti. Ikkinchi o`g`lim Muhammadjon esa tennisga qatnashadi. Respublikamiz bo`yicha o`tkazilgan tennis musobaqalarida etakchi o`rinlarni egallayapti. Farzandim muvaffaqiyatidan albatta, xursandman.

— Oilangizga ko`p vaqt ajrata olmasligingizdan nolisangiz kerak?

— Haqiqatan ham san`atkorning ko`p vaqti gastrol safarlari va xalq xizmatlarida o`tadi. Gohida ovoz yozish studiyalaridan yarim tunda qaytishimizga ham to`g`ri keladi. Lekin ijod deb oilam va farzandlarim tarbiyasiga bee`tibor bo`lmayman. Ularning har bir qadami nazoratim ostida.

Shahzoda, Lola, Rayhon, Amira, Tamila, Munisa... Qay biri bilan duet kuylagan bo`lardingiz? Ulardan qay birini ko`proq tinglaysiz?

— Har gulning o`z ifori bo`lganidek, siz tilga olgan xonandalarning ijodi ham o`ziga xos. Masalan, Shahzoda, Rayhon va Munisaning qo`shiqlariga befarq emasman. Duet masalasida esa aniq javob aytolmayman. Menimcha, duet aytish istagi tug`ilsa, yuqoridagi uchalasidan birini tanlasam kerak.

— Mag`rurdeksiz... Ilgari ham shundaymidingiz?

— Ko`rinishdan mag`rurman, lekin hayotda hokisor bo`lishga harakat qilaman. Men bilan ilk marta suhbatlashgan odamlarning deyarli barchasi “Televizorda juda mag`rur ko`rinasiz, hayotda esa oddiy inson ekansiz-ku”, deyishadi. Insonning suratiga emas, siyratiga qarab baho berish lozim.

— Ko`pchilik taniqli san`atkorlarning shogirdlari ustozidan o`zib ketyapti. Ammo sizning shogirdlaringiz ko`p bo`lishiga qaramay, muxlislaringiz birorta shogirdingizni tanimaydi yoki birortasi men Anvar Sanevning shogirdiman deb portlab chiqmaydi?

— Bilasizmi, har yili san`at oliygohlarini yuzga yaqin ijodkorlar tamomlashadi. Afsuski, ularning barmoq bilan sanarlisi xalq nazariga tushib, mashhurlik cho`qqisiga chiqadi. Haqiqatan ham shogirdlarim ko`p, ular asta-sekin mustaqil ijodini boshlayapti. “Falon mavzuda qo`shiq yozdim, baho bering yoki birorta qo`shiq yaratishimga ko`maklashing”, deb yordam so`rasa, ko`magimni ayamayman. Ularning ba`zilari el nazariga tushishga ham ulgurdi. Lekin ularni nomma-nom aytish, menga noqulay. Sababi men emas, ular meni ustoz deb e`tirof etishsa maqsadga muvaffiq bo`lardi.

— Mashhurlikdan bezgan paytlaringiz bo`lganmi?

— Nega hamma jurnalistlar shu savolni yaxshi ko`rishadi-ya (kulib)?! Mashhur bo`lishni, el ardog`ida yurishni qanchalar orzu qilganimni bilasizmi? Mashhurlik bu baxt! Ayrimlar undan bezdim, oddiy odamlardek ko`chada yurolmayman, deb og`iz ko`pirtirishadi-yu, aslida... Menimcha, bundan nolimay, qadriga etish kerak.

- Poytaxtga qaraganda viloyatlarda mavqeingiz balandroq...

— Shaxsan men hech qanday tafovutni sezmayman. Poytaxtdagi va viloyatdagi muxlislarimga birdek e`tibor beraman. Lekin viloyatlar bo`ylab gastrol safarlarida ko`p bo`laman. Sababi viloyatlik muxlis ikki soatlik konsert dasturini ko`rish uchun ancha masofa yo`l bosishiga to`g`ri keladi. Muxlislarga qulaylik yaratib berish lozimligini keyingi paytlarda barcha xonandalar anglab etishayapti. 

— Nega birorta klipingizda o`zingiz suratga tushmaysiz?

— Juda yaxshi savol berdingiz. Doim jurnalistlar bilan suhbat chog`ida nega shu haqida so`rashmaydi, derdim o`z-o`zimga. Rostini aytsam, aktyorlik ham bir san`at, kichik rolni ijro etish uchun ham mahorat talab etiladi. O`zimni aktyorlik borasida iste`dodli deb bilmayman, shuning uchun qo`shiqning dardu quvonchisini ko`rsatishni professional aktyorlarga topshiraman.

- Hanuzgacha shaxsiy prodyuseringiz yo`q. Bu borada pand eganmisiz?

— Yo`q, pand emaganman-u, lekin ijodni o`z kuchim bilan boshlaganim uchun bunga zarurat sezmayman. Erkinlikda, hech bir insonning ta`sirisiz ijod qilishni yoqtiraman. Bir ikkita yordamchilar va shogirdlarim bor. “Yugur-yugur”larida ularning yordami ko`p asqotadi.

— Sizni ta`qib etayotgan bir muxlisangizni sudga bergandingiz. Bugun uning ta`qibidan qutuldingizmi?  Bunday paytlarda turmush o`rtog`ingiz rashk qilishi tabiiy...

— Oh, juda nozik mavzuda so`z ochdingiz-ku (kulib). Rashk har bir insonga xos, uning bo`lgani ham yaxshi. Lekin omma e`tiboridagi insonman. Har toifadagi muxlislar bor, odatda, ularga qo`pol gapirib, ko`ngliga ozor etkazishni istamayman. Ayolim esa bunday vaziyatlarni to`g`ri qabul qiladi.  Men ustidan sudga arz qilgan  muxlis menimcha o`ziga tegishli xulosa chiqarib oldi.

— Anvarsanayev.com rasmiy sayti bugun faoliyat yuritmayapti. Undagi muxlislar qoldirgan savollarning bariga o`zingiz javob yozarmidingiz? 

— Sayt adminstratoridan sayt faoliyati to`xtatilishini o`zim so`radim. Chunki sayt pochtasiga har kuni yuzga yaqin savollar kelib tushardi. Muxlislarga bee`tiborlik bo`lmasin deb barcha savollarga o`zim javob berardim. Buning uchun har kuni kamida 2-3 soat vaqt sarflashimga to`g`ri kelardi. Shuning uchun sayt faoliyatini to`xtashishga qaror qildim.

— Poytaxt to`ylarida ko`proq aytiladigan Evropa qo`shiqlarini bemalol kuylay olasizmi?

- Haqiqatan ham keyingi paytlarda to`ylarda Evropa qo`shiqlarini kuylash ancha urf bo`ldi. Bunga munosabatim ijobiy va repertuarimizda bunday qo`shiqlar bor. Ijodiy jamoamizda evropa qo`shiqlarini maromiga etkazib kuylaydigan shogirdlarim bor, agar to`yda shunday qo`shiqlarni so`rashsa, ularga navbatni beraman.

— Sira tavakkal qilganmisiz?

— Yaqinlarim mening tavakkalchi ekanliginimni yaxshi bilashidi. Har ishda tavakkal qilaman, shukrki, ularning ko`pchiligi omadli yakunlangan.

Muhriddin Holiqovdek ustoz san`atkorning shogirdisiz. Uning ijodidan birorta qo`shiqni kuylash niyatingiz bormi? 

— Har bir konsert dasturimda albatta, ustozning qo`shiqlaridan ijro etaman. Avvalgi konsertimda “Kechagina”, bu yilgi dasturimda esa “Gulchehra qiz” qo`shiqlarini ijro etishni niyat qilganman. Nasib etsa televidenie orqali ham kuylab chiqarman. Rahmatli ustozimning barcha qo`shiqlarini xalq sevib tinglaydi.

— Sizningcha teleekranda faoliyat yuritayotgan badiiy kengash qo`shiqlarni adolatli tarzda muxlislarga uzata olyaptimi?

— Ijodiy safarlarga borganimda, xorij telekanallarini ham kuzataman. Ularda nafaqat odob-ahloq jihatidan, balki sifat darajasida ham maqtashga arzimaydiganlarini ko`rganman. Bizning televideniyada faoliyat yuritayotgan badiiy kengash esa har bir qo`shiqni elakdan o`tkazib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi. Kliplarim badiiy kengashdan o`tmaganida, ulardan ranjigandim. Keyin angladimki, ularning e`tirozi o`rinli ekan. Klipdagi kamchiliklarni tuzatganimizdan keyin klip muxlislar tomonidan eng mazmunli va sifatli deb topilgan edi.

— Ayrim san`atkorlar “Istiqlol” san`at saroyining eskirgan va bugungi kun talabiga javob bera olmayotgan sifatsiz texnikasidan shikoyat qilishadi. Siz bu boradagi noqulayliklarga tayyormisiz?

— Aybni hamma narsadan axtarish mumkin. Lekin qo`shni respublikalarda konsert dasturlarini taqdim etgan hamkasblarim juda yaxshi bilishadiki, ularda “Istiqlol” san`at saroyidek muhtasham va ulug` dargohning o`zi yo`q. Bu erda qanchadan-qancha ustoz san`atkorlar kuylagan, biz ham bolaligimizda tomoshabinlar qatorida turib ularga havas qilganmiz. Saroyning texnik xizmati esa doim ma`muriyat nazoratida bo`ladi.  Bunday muhtasham saroyning qadriga etishimiz kerak.

                                                                                       Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar