AsosiyJamiyat

Eng namunali oilalar aniqlandi

Poytaxtimizda “Eng namunali oila” respublika ko`rik-tanlovi g`oliblarini taqdirlashga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlovda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar  bosqichida g`oliblikni qo`lga kiritgan oilalar ishtirok etdi.

Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta`limi vazirliklari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi,  «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, «Sog`lom avlod uchun»  xalqaro xayriya  fondi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Eng namunali oila» ko`rik-tanlovi bosqichlarida mamlakatimizning turli hududlaridagi 9 mingdan ortiq oila ishtirok etdi.

Ularni saralashda oiladagi ma`naviy muhitni o`zaro hurmat, mehr-oqibat asosida shakllantirish, farzandlarni go`zal axloq, jismoniy va ruhiy uyg`unlikda kamolga etkazish, qo`ni-qo`shnichilik, qadriyatlarni e`zozlash, mamlakatimizda ahil, ma`naviyatli oilalarni barpo etish borasidagi ezgu sa`y-harakatlarni targ`ib etish kabi jihatlarga asosiy e`tibor qaratildi.     

Tanlov yakuniga ko`ra, Nukus shahridagi 7-«Shoirlar ovuli» mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi Burkit Piyazov oilasi, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi «Hofqoriyon» mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi Maqsud Norov oilasi, Farg`ona viloyati Beshariq tumanidagi «Toshariq» mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi Murodjon Yusupov oilasi birinchi o`ringa loyiq topildi. Shu bilan birga, o`ndan ortiq nominasiya bo`yicha g`olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga diplom hamda esdalik sovg`alari topshirildi.  

    Boshqa yangiliklar