AsosiyJamiyat

“Salomatlik” poezdi Qashqadaryo va Surxondaryoga yo`l oldi

17-23 may kunlari “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O`zbekiston temir yo`llari” DATK birgalikda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari aholisi uchun Toshkent – Sariosiya – Qumqo`rg`on – Boysun – Oqrobod – Dehqonobod – Toshkent yo`nalishidagi “Salomatlik” poezdini tashkil etdi.

Poezd chekka hududlardagi va borish qiyin bo`lgan tumanlar aholisini tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazish, ularga manzilli muruvvat yordamini ko`rsatish, Respublikaning ekologik noqulay hududlari aholisiga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish maqsadida tashkil etildi.

O`sib kelayotgan yosh avlodni jismonan, sog`lom va intellektual shaxs etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga tibbiy xizmat ko`rsatishga davlat miqyosida e`tibor qaratilayotganini e`tirof etgan holda, ta`kidlab o`tish joizki, bu g`amxo`rlikni Respublikamizning barcha hududlarida ko`rish mumkin.

Navbatdagi “Salomatlik” poezdi uchun “O`zbekiston temir yo`llari” DATK tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilib, yuqori malakali shifokorlar guruhi jalb etildi.

Ushbu xayriya aksiyasi davomida aholiga va davolash profilaktika muassasalariga qiymati 160,5 ming AQSh dollari va 11,9 million so`mga teng insonparvarlik yuklari (600 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat paketlar, oyoq kiyimlari, dori-darmon va tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiena vositalari va boshqalar)dan iborat muruvvat yordamlari etkazib berdi.

Mazkur poezd o`z rejasi davomida borishi ko`zda tutilgan stansiyalariga yaqin hududlaridan tashqari “Sog`lom avlod uchun” fondi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat hududiy filiallarining avtoambulans mashinasi orqali hududdagi barcha “Muruvvat”, “Mehribonlik” va “Saxovat” shu bilan bir qatorda markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar tug`ruq komplekslariga hamda ko`zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab internatlariga o`z yordamini ko`rsatishi rejalashtirilgan.

17 may kuni yo`lga chiquvchi “Salomatlik” poezdi o`z ishini 2014 yil 18 may kunidan boshlaydi va bir hafta davomida malakali mutaxassislar tomonidan nogiron bolalar, xotin-qizlar, boquvchisini yo`qotgan va ko`p bolali oilalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish, joylarda maxsus muassasalar, yordamchi maktab va maktabgacha ta`lim muassasalariga muruvvat yordamlarini topshirish, shu bilan bir qatorda aholi orasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qiluvchi uchrashuvlarni tashkil etish ko`zda tutilgan.

Tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad – ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e`tiborini jalb etishdan iborat.

Tadbir xomiylari AQShning “AmeriCares” va “Resourse & Police Exchange” xalqaro tashkilotlari, Bolgariyaning “Sofarma” AK, “Nestle Uzbekistan” MChJ QK, “O`qituvchi” NMIU, “Baxteks” MChJ, “Shaffof servis” MChJ QK va boshqalardir.

    Boshqa yangiliklar