AsosiyJamiyat

Prezident Qarori bilan “O`zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi tashkil etiladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qishloq xo`jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog`lomlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida Qaror imzoladi.

15 may kuni imzolangan mazkur hujjat qishloq xo`jaligining mashinasozlik korxonalari faoliyatini boshqarishni yanada takomillashtirish, ularning samaradorligi va rentabelligini oshirish, sohada ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy, unumdorligi yuqori, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh texnika va uskunalar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan yagona texnika siyosatini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, shuningdek, respublika qishloq xo`jaligining mashinasozlik korxonalari aksiyadorlarining aksiyadorlik jamiyati shaklidagi agrosanoat mashinasozligi xolding kompaniyasini (“O`zagrosanoatmashxolding” xolding kompaniyasi) tashkil etiladi.

“O`zagrosanoatmashxolding” xolding kompaniyasining asosiy vazifalari va faoliyati yo`nalishlari etib ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlari o`tkazish, ehtiyojga muvofiq qishloq xo`jaligi uchun turli rusumdagi texnika va mexanizasiya vositalarini ishlab chiqarish va etkazib berishni muvofiqlashtirish, mahsulotlar turini kengaytirish va eksport qilish hajmini oshirish belgilangan. Shuningdek, qishloq xo`jaligining mashinasozlik sohasida respublika qishloq xo`jaligida resurs tejaydigan agrotexnologiyalarni joriy etishni ta`minlaydigan zamonaviy, unumdorligi yuqori qishloq xo`jaligi texnikasi va mexanizasiya vositalarini ishlab chiqaradigan korxonalarni tashkil etishga qaratilgan yagona ilmiy-texnika va investisiya siyosatini amalga oshirish ustuvor yo`nalish sifatida ko`zlangan.

Bundan tashqari, energiya va metall ishlatilishini tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga qishloq xo`jaligi texnikasi ishlab chiqaradigan yangi korxonalar tashkil etish va faoliyat ko`rsatayotgan korxonalarni modernizasiya qilinadi, xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan korxonalar va respublikaning boshqa korxonalari o`rtasida ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish kooperasiyasi rivojlantiriladi hamda qishloq xo`jaligi texnikasiga xizmat ko`rsatish sohasida yagona servis siyosati amalga oshiriladi.

Xolding kompaniyasiga tushgan mablag`larni sohaga oid investisiya loyihalarini amalga oshirishga maqsadli yo`naltirish sharti bilan kompaniya aksiyalari paketining kamida 51 foizini davlat tasarrufida saqlab qolgan holda, aksiyalar qo`shimcha emissiyasini amalga oshirish ruxsat etildi.

Qarorga muvofiq traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalari ishlab chiqarishni yangi tashkil etiladigan «Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi» ochiq aksiyadorlik jamiyatida jamlab, «Toshkent traktor zavodi» ochiq aksiyadorlik jamiyatini qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladi.

«Agregat zavodi» ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqariladigan mahsulot turlarini «Chirchiqqishloqmash» ochiq aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish maydonlariga bosqichma-bosqich ko`chirish va ular negizida osma va tirkamali qishloq xo`jaligi texnikasining zamonaviy turlarini ishlab chiqarishni o`zlashtirish bo`yicha «Chirchiq qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi» ochiq aksiyadorlik jamiyatini tashkil etilib, «Chirchiqqishloqmash» ochiq aksiyadorlik jamiyatini qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladi.

«O`zagrosanoatmashxolding» xolding kompaniyasi 2019 yilning 1 yanvarigacha «Toshkent traktor zavodi» va «Chirchiqqishloqmash» ochiq aksiyadorlik jamiyatlarini tugatish jarayoni nihoyasiga etgach, kompaniyaga beriladigan er uchastkalari va mulk bo`yicha er solig`i va mulk solig`idan ozod etiladi.

Xolding kompaniyasiga berilgan er uchastkalari va mulk negizida tashkil etiladigan yangi korxonalar er va mulk solig`ini o`rnatilgan tartibda to`laydi.

O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2014-2015 yillarda O`zbekiston Respublikasining investisiya dasturida ko`p qavatli uylar, ijtimoiy soha muassasalari va boshqa ob`ektlarga xizmat ko`rsatish uchun Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumanida (TTZ-1, TTZ-2, TTZ-4 va Yugnakiy dahalarida) energiya tejaydigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mahalliy qozonxonalarni qurish va ularni 2015 yilning birinchi choragidan kechiktirmay ishga tushirish ko`zda tutilgan.

Mahalliy byudjet mablag`lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanida mahalliy qozonxonalar qurishni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.

Toshkent shahar hokimligi Mirzo Ulug`bek tumanidagi mahalliy qozonxonalar foydalanishga topshirilgach, uch oy muddatda Mirzo Ulug`bek tumani, Buyuk Ipak yo`li ko`chasi, 434-uyda joylashgan bino va inshootlarni belgilangan tartibda buzib, qozonxona uskunalarini qayta montaj qilishni ta`minlaydi.

    Boshqa yangiliklar