Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi tomonidan inson salomatligi va bo`lajak nasllar kamolotiga salbiy ta`sir etayotgan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yo`naltirilgan «Salomatlik – 2020» strategiyasi ishlab chiqilgan.
Poytaxtimizda ushbu strategiyada ko`zda tutilgan maqsadlarga erishishda O`zbekiston tajribasiga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi. O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi va Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, milliy va xorijiy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari L.To`ychiev, Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi boshlig`i A.Xammerix va boshqalar inson manfaatlarini muhofazalash, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamni aholining barcha qatlamiga etkazish, sog`lom va farovon turmush kechirishi uchun qulay sharoit yaratish Prezident Islom Karimov rahnamoligida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo`nalishlaridan biri ekanini alohida ta`kidladi.
«Sog`lom bola yili» Davlat dasturi doirasida bu yo`nalishdagi ishlar ko`lami yanada kengaymoqda.
Mamlakatimizda «Sog`lom ona – sog`lom bola» g`oyasini o`zida mujassam etgan milliy dastur hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. Tibbiyot muassasalarini modernizasiyalash, jahon ilm-fani yangiliklarini amaliyotga keng joriy etish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib etishda sog`liqni saqlash tuzilmalari bilan bir qatorda ko`plab davlat va jamoat tashkilotlari ham faol ish olib borayotir.
Ana shu jarayonda aholi munosib hayot kechirishi uchun qulay ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarni yaratish ham doimiy e`tiborda. Xususan, barcha sohalarda mehnat sharoitini zamonaviylashtirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, ekologik muhitni barqarorlashtirish, qishloq joylarda barcha qulayliklarga ega namunaviy uylar barpo etish, xonadonlarda sanitariya-gigiena sharoitlarini yaxshilash bilan bog`liq keng ko`lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Buning natijasida xalqimizning o`rtacha umr ko`rish ko`rsatkichini uzaytirish, onalar va bolalar o`limini kamaytirish, sanitariya-epidemiologiya muhitini barqaror saqlash, kasalliklarning oldini olish va samarali davolashga erishilmoqda. Tibbiy-ijtimoiy sohada erishilayotgan bunday yutuqlar xalqaro miqyosda ham munosib e`tirof etilmoqda.
– O`zbekiston inson salomatligi va kamolotiga yo`naltirilgan sarmoya va e`tiborni doimiy oshirib borayotgan davlatlardan biridir, – dedi Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosi vakili, doktor Agis Souros. – Yurtingizda kasalliklarning oldini olish, tibbiy-ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash, onalik, bolalikni muhofazalash borasida o`ziga xos tajriba orttirilgan. «Salomatlik – 2020» strategiyasini joriy etish borasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ilg`or tajribani o`rganish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash jamiyatni yanada ravnaq toptirish va inson salomatligini muhofazalashda muhim omil bo`lib xizmat qiladi.
Xalqaro anjumanda «Salomatlik – 2020» strategiyasining asosiy tamoyillari va yo`nalishlari, O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimida erishilayotgan o`ziga xos natijalar, tibbiy-ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar hamkorligi natijalariga bag`ishlangan ma`ruzalar tinglandi, o`zaro fikr almashildi.





