AsosiyJamiyat

Ziyoratchilarning so`nggi guruhi bahorgi Umra safaridan qaytdi

5 may kuni bahorgi Umra safariga borgan 171 nafar ziyoratchilarning so`ngi guruhi Vatanimizga qaytdi.

Bahorgi umra ziyoratini 5 900 dan ziyod fuqarolarimiz Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishi bo`yicha 31 ta reysda ado etdilar, deya xabar beradi Din ishlari bo`yicha qo`mita axborot xizmati.

Ma`lumki, 15 fevraldan 5 mayga qadar o`zbekistonlik ziyoratchilarning Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra safarlari tashkil etildi.

2014 yilgi bahorgi Umra mavsumini namunali tashkil etish ishlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 26 avgust kunidagi Farmoni asosida tuzilgan "Haj va Umra" tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Respublika Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirildi.

“Umra-2014” mavsumi tadbirlarini munosib tashkil etish, transport, oziq-ovqat, oshxona, tibbiy ko`rikxonalar va boshqa shu kabi masalalarni tashkil etish maqsadida joriy yilning 10 fevral kuni ishchi guruhining 2 nafar a`zosi Saudiya Arabistoniga safarbar qilingan edi.

Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi hamda tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshirildi.

Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo`lishini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.

Ziyorat 10 kunni tashkil etdi (Madinada 3 kun, Makkada 6 kun, Jiddada 1 kun).

Ziyoratchilarga mavsum davomida o`zbekistonlik 8 nafar ishchi guruhi, 28 nafar shifokor va 4 nafar oshpaz xizmat ko`rsatdi.

Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarni Haramga olib borish uchun avtobus harakati, adashganlarni topish uchun maxsus qidiruv guruhi, shuningdek, mehmonxonalarda uzluksiz navbatchilik tashkil etildi.

O`zbekistonlik  ziyoratchilar Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy” bilan yonma-yon joylashgan “Mavadda Nur” mehmonxonasi hamda Makka shahrida Haramdan 900 metr uzoqlikdagi “Nama Mavadda” mehmonxonalarida istiqomat qildilar.

Ziyoratchilarimizning 3 mahal ovqatlanishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida mehmonxonalarda oshxonalar tashkil etildi. Mehmonxonada mini-shifoxona faoliyat ko`rsatdi.
Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun`iy yo`ldosh orqali O`zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo`layotgan voqealardan xabardor bo`lish imkoniyatlari yaratildi.

Ziyoratdan qaytgan fuqarolarimiz yaratib berilgan sharoitlar uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, hukumati nomiga o`z minnatdorchiliklarini bildirib, Vatanimiz ravnaqini tilab duolar qildilar.

Joriy yilning 7 iyuldan 29 iyul kuniga qadar "Umra-2014" Ramazon oyi mavsumi tashkil etiladi. Unda 663 nafar fuqarolarimiz ziyoratlari tashkil etish rejalashtirilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar