2014 yil 1 maydan boshlab Davlat bojxona qo`mitasi Internet tarmog`ida yangi takomillashtirilgan veb-saytini ishga tushirdi. Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
“Uzinfocom” Markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va salkam 1 oy davomida sinov rejimida faoliyat yuritgan saytning yangi versiyasida axborotlar 10 ta bo`lim va 80 ga yaqin sahifalar orqali foydalanuvchilarga taqdim etiladi. Bunda axborotlarning turi va yo`nalishi alohida inobatga olingan.
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, saytga tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va jismoniy shaxslar uchun foydali axborotlar endilikda alohida bo`limlarda joylashtirilgan. Shuningdek, sayt orqali ko`rsatiladigan 20 ga yaqin barcha interaktiv xizmatlar yagona “Interaktiv xizmatlar” bo`limiga biriktirildi.
Avvalgi saytdagi “Savol yo`llash” funksiyasiga qo`shimcha ravishda yangi versiyada bojxona masalalariga bag`ishlangan forum ham tashkil qilinmoqda. Aniqrog`i, internet foydalanuvchilarning davlat bojxona xizmati organlari faoliyatiga doir savollariga o`z vaqtida tezkorlik bilan javob qaytarishni yo`lga qo`yish maqsadida UForum (www.uforum.uz) ijtimoiy forumida Davlat bojxona qo`mitasi uchun alohida bo`lim ochilishi hamda mazkur bo`limga kirish uchun Davlat bojxona qo`mitasi veb-saytining yangi versiyasiga havola joylashtirish ishlari yakunlanmoqda.
Veb-saytdan imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar ham foydalana olishlari mumkin. Muhim jihatlardan yana biri saytning mobil versiyasi ham foydalanuvchilar hukmiga havola qilinmoqda.
Endilikda jismoniy shaxslar bojxona chegaralarini kesib o`tish chog`ida to`ldirilishi lozim bo`lgan T-6 shakldagi bojxona deklarasiyasi blankasini Davlat bojxona qo`mitasi veb-saytdan ko`chirib olishlari va uni o`zlariga qulay bo`lgan vaqtda va bojxona postidan tashqarida (ofis, ish joyi yoki uyda) istalgan joyda to`ldirishlari mumkin.
Jismoniy shaxslar bojxona postlaridagi bayonnomalarni to`ldirish ustunlarida navbat kutish, o`zlari tanlagan tildagi blankalarni izlash kabi juz`iy muammolarga duch kelishmaydi hamda yo`lovchilarning vaqti tejaladi. T-6 shaklidagi bojxona bayonnomasini elektron shaklda to`ldirish vaqtida yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarni o`sha vaqtning o`zida tuzatish imkoniyati mavjud;
Yangi dizayndagi afzalliklardan biri shuki, sahifalarning ishlash mexanizmini soddalashtirish, ma`lumotlarni davriy ketma-ketlikda joylashtirish hamda sahifalarda ichki ruknlarni tashkil etish imkoniyati mavjud. Saytning qidiruv tizimi ham takomillashtirilgan, shu bilan birgalikda RSS yangiliklar tasmasi xizmati ham mavjud. Dizaynda bojxona xizmatining ramziy yashil ranggi ustunlik qiladi.
Ayni paytda saytning ingliz tilidagi versiyasini ishlab chiqish ustida ishlar davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, bojxona organlari faoliyatini Internet tarmog`i orqali yoritishda Davlat bojxona qo`mitasi 13 yillik tajribaga ega. Qo`mitaning www.customs.uz veb-sayti ilk bor 2001 yilda tashkil qilingan bo`lib, o`tgan yillar davomida 4 marotaba yangilangan.
Sayt faoliyati keng jamoatchilik tomonidan munosib e`tirof etilib, UZ milliy domeni Internet-festivalining “Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt” nominasiyasida 2011 yilda 3-o`rinni, 2013 yilda 2 o`rinni qo`lga kiritdi.
Sayt 2012 yil 6 iyunda O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan №0902 sonli raqam bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro`yxatga olingan.





