AsosiyJamiyat

To`raqo`rg`onda 12 nafar patronaj hamshirasi kasbga oid mahorati bo`yicha o`zaro bahslashdi

'To`raqo`rg`onda 12 nafar patronaj hamshirasi kasbga oid mahorati bo`yicha o`zaro bahslashdi'ning rasmi

Namangan viloyati To`raqo`rg`on tumani tibbiyot birlashmasi muassasalarida ishlayotgan patronaj hamshiralarining nazariy va amaliy malakasini oshirish, patronaj xizmati ko`rsatish bo`yicha ilg`or tajribalarni ommalashtirish maqsadida "Patronaj hamshiraman, xalqimga jonkuyarman!" shiori ostida ko`rik-tanlov o`tkazildi, deb habar bermoqda O`zA.

Unda tuman ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi, Shahand, Sohilobod, Ibrat, Yandama, Fayziobod, Qatag`on-Saroy, Buramatut, Gulqishloq, Shohidon, Olchin va Xo`jand qishloq oilaviy poliklinikalaridan 12 nafar patronaj hamshirasi muomala madaniyati, tibbiy bilim, patronaj hamshirasining vazifasi va burchi, kasbga oid mahorati kabi bir necha yo`nalishlar bo`yicha o`zaro bahslashdi.

Ishtirokchilar chiqishida patronaj hamshiraning xonadondagi ijtimoiy holat, yosh oilalar, yolg`iz qariyalar va nogironlar, surunkali kasalliklar patronaji yo`nalishlarida hamshiralik nazorati bo`yicha bilim va malakasi davr talabiga mos yuksalib borayotgani o`z ifodasini topdi.

Tanlov yakuniga ko`ra, Shahand qishlog`idagi 29-qishloq oilaviy poliklinikasi hamshirasi Sohiba Husanova g`olib, deb topildi.

– Uyma-uy yurishning o`ziga yarasha qiyinchiliklari bor, – deydi S.Husanova. – Biroq, xonadonga kirib borganingizdan chiqib ketguningizgacha nuroniy otaxon va onaxonlar, yolg`iz qariyalarning duolari, farzandi darddan forig` bo`lgan yosh ona chehrasidagi minnatdorlik izhorlarini ko`rish har qanday charchoqni tarqatib yuboradi. Shifokor uchun bu juda katta rag`bat. Sohaga qaratilayotgan alohida e`tibordan ruhlanib, o`z vazifamizni yanada sidqidildan bajarishga harakat qilmoqdamiz.

    Boshqa yangiliklar