AsosiyJamiyat

Olimpiada chempioni Fazliddin G`oibnazarov Harbiy qasamyod qabul qildi (foto+intervyu)

'Olimpiada chempioni Fazliddin G`oibnazarov Harbiy qasamyod qabul qildi (foto+intervyu)'ning rasmi

– Oddiy askar G`oibnazarov!

– Men.

– Harbiy qasamyod qabul qilish uchun oldimga…

– Xo`p bo`ladi…

***

2016 yil. Rio-de-Janeyro. XXXI yozgi Olimpiada o`yinlarining boks turi bahslarida 64 kilogramm vazn toifasi bo`yicha finalda qo`lga kiritilgan tarixiy g`alaba. Turli millatga mansub tomoshabinlar matonatli bokschini chin dildan olqishlamoqda.

***

Poytaxtimizdagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini ado etayotgan jo`mard o`g`lonlar safida boks bo`yicha Olimpiada chempioni, bir necha nufuzli bellashuvlar g`olibi Fazliddin G`oibnazarov ham bor. Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonida harbiy xizmatni o`tayotgan chempionimiz qisqa fursatda askar sifatida safdoshlari, ofiser-serjantlari orasida o`z o`rnini topdi.

Sevimli bokschimiz bilan samimiy suhbat chog`ida shunga amin bo`ldikki, hali maqsadlari yuksak, yangi g`alabalarga tashna...

– Fazliddin aka, er yigitning harbiy xizmatgacha yashagan umri bir taraf, harbiy xizmat davridagi kechmishlari bir taraf bo`ladi, degan gap bor.

– Menda xuddi shunday bo`ldi (mana, ko`ryapsizmi, bir oyda harbiy iboralar bilan muomala qilishga o`rganib qoldim)...

Mashg`ulotlar zalida o`smirlik paytlarimdayoq murabbiylarim tartib-intizom bilan shug`ullanishimni, boks sirlarini bosqichma-bosqich, astoydil o`zlashtirishimni ta`kidlashar, tabiiyki, men ham shunga tirishar edim. Bu jarayon ham o`ziga xos mashaqqat va fidoyilikni talab etadi... Hamma sohada dastlab, o`tish va ko`nikish davri sodir bo`ladi. Harbiy xizmatni boshlagan kunlarimda menda ham ushbu holat ro`y berdi. Lekin tezda harbiy hayotga ko`nika boshladim. Hayot maktabida olgan saboqlarim, haqiqatan ham, bir umrga tatirlik saboqlardir. Yuksak harbiy intizom… kun tartibiga muvofiq – hammasi joy-joyida intizomli yashagan inson, meningcha, saodatli umr kechiradi. Armiya esa odamga ana shunday yashashni o`rgatadi. Kelgusida oilasini, ro`zg`orini, o`z xatti-harakatlarini to`g`ri idora etib, jamiyatda ham, faoliyatida ham o`z o`rnini topish uchun yigitlarga armiya ko`p ta`lim-tarbiya beradi.

– Harbiy mashg`ulotlar paytida nimalarni o`zlashtirdingiz?

– Armiyaga kelib, mamlakatimiz tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi ishonchli qo`llarda ekanini o`z ko`zim bilan ko`rdim. Yurt osoyishtaligi yo`lida borini berishga tayyor bo`lgan ofiser va serjantlar suhbatida bo`ldim. Ma`naviy-ma`rifiy, jangovar va saf tayyorgarliklari, o`q otish mashg`ulotlari, harbiylarga xos aniq va tezkor qaror qabul qilish, voqea-hodisaga munosabat bildirishdan avval, kuzatish, tahlil qilish, holatning tub mohiyati va sabablarini o`rganish, qisqasi, bularning barchasi hayotga, kasbimga, odamlarga, Vatanga bo`lgan munosabatimni o`zgartirdi.

Dala-o`quv maydonida jangovar quroldan o`q uzganim sira yodimdan chiqmaydi. Yoshim kattaroq bo`lgani uchunmi yoki bokschi bo`lib, nisbatan tanilganimdanmi, komandirlarimiz o`q uzish mashg`ulotlarida safdoshlarimga dalda berishimni ta`kidlab turishdi. Endi, tasavvur qilavering, birinchi marta nishonni poylayotgan yigitlar... Men ham bungacha qo`limda qurol tutmaganman. Safdoshlarimga dalda beraman: dadil bo`linglar, nishonga tegizishingiz shart, deyman. Quroldoshlarim navbatma-nav­bat o`t ochishadi. Avtomatning quloqni qomatga keltiradigan momaqaldiroqdek ovozi, gilzalarning erga tangaday tushishi, chalqancha yiqilgan nishon, shu lahza odamning Vatan himoyachisi ekanligini yaqqol anglatadigan poroxning ajabtovur hidi... Quroldan o`q uzgan paytimdagi his-hayajonimni ta`riflay olmayman... Endi men yurtim manfaatlariga, yo`liga g`ov bo`lgan g`animga faqatgina charm qo`lqop bilan emas, jangovar kurol bilan ham qarshilik ko`rsata olaman! Bu men uchun katta baxt. Shu narsani o`ylasam, armiyadan ketgim kelmaydi! Armiyaning navqiron o`g`lonlarga o`rgatishi lozim bo`lgan eng asosiy jihat – Vatanni himoya qilish tuyg`usi.

– Safdoshlaringiz Olimpiada chempioni bilan birga harbiy xizmat o`tayotganidan xursand bo`lishi, tabiiy. Ular orasida keyinchalik ham qalin bo`lib, bordi-keldi qiladigan do`stlar orttira oldingizmi?

– Bilasizmi, deylik, bir-biriga mutlaqo begona ikki yo`lovchi bir vagonda u manzildan bu manzilga etish vaqtida o`zaro suhbat qurib, dardlashib, dildosh bo`lib, bir umr uzilmas do`stlik rishtasini bog`lashi, aksincha, odam bir xonadonda qirq-ellik yil birga yashab ham bir-birini tushunmay o`tishi mumkin.

Shukur qilamanki, men qisqa fursat ichida ko`nglimga o`tiradigan, sport olamidagi obro`-e`tiborim bilan hisoblashmagan, chin ma`nodagi bir nechta do`stlar orttirdim. Ular bilan, nasib etsa, bordi-keldi qilamiz. Armiya shunisi bilan ham qadrli. O`zingiz O`zbekistonning u burchagidan bo`lasiz, jonday qadrdon do`stingiz bu tomonidan bo`ladi... Yaqinda qiziq voqea ro`y berdi: bir necha safdoshim ko`rishga kelgan yaqinlariga: «Fazliddin G`oibnazarov men bilan xizmat qilyapti», – debdi. Ota-onalar ishonishmagan shekilli, meni chaqirtirishdi. Borib, ular bilan ko`rishdim. Nihoyatda xursand bo`lib, duo qilib qolishdi... Harbiy xizmatda orttirgan do`stlarim bilan kechgan qiziqarli voqealar hech qachon esimdan chiqmaydi.

– Shu o`rinda, andak chekinish qilsak-da, sport mavzui­ga o`tsak: ayting-chi, milliy boksimizdagi qaysi jihatlar isloh qilinsa, sizningcha, yanada yuqori natijalarga erishiladi?

– Savolingiz uchun rahmat! Jamoaviy bahslarda bir necha sportchi ruhiy jihatdan to`laqonli sport formasida bo`lmasa-da, jamoaning qolgan vakillari ushbu kemtikni to`ldirishlari mumkin. Ammo yakkaxon sport bellashuvida sportchining ruhiy holati hal qiluvchi rol o`ynaydi. Masalan, boksda siz raqibingizdan ruhan ustuvor bo`lmasangiz va bu ustunlikni raqibingizga singdirmasangiz, ko`zlagan maqsadingizga erisholmay qolishingiz mumkin.

Istardimki, nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakat sport delegasiyasi tarkibida individual bahsga kiradigan sportchilarning shaxsiy murabbiylari ham bo`lsa. Xo`sh, bu nima uchun kerak? Sababi, shaxsiy murabbiy falon yoshdan beri qo`l ostida shug`ullanayotgan shogirdining yurish-turishidan tortib, kechinmalari, kayfiyati va ruhiy iztiroblarigacha teran biladi va jang payti ushbu holatdan chiqib ketish chorasini zudlik bilan topa oladi. To`g`ri, terma jamoa murabbiyi ham g`alaba uchun asdoydil jon kuydiradi, umumiy ko`rsatmalar beradi. Biroq sportchining xos ustozi bong urilganda sochiq elpib, yoningizda turishi – bu, sizga alohida dalda. Men kelgusida shu masalaning joriy etilishini istar edim.

***

Xullas, o`shanda turli millatga mansub tomoshabinlar matonatli bokschini chin dildan olqishlamoqda. Taqdirlash marosimi boshlandi... Madhiya yangradi... Yo`q-yo`q, bu madhiya emas edi, bu ohang ayni damda O`zbekiston edi... Hayajondan lovullab turgan yonoqlarni yuvgan ko`z yosh esa Qasamyod edi...

«Men, oddiy askar G`oibnazarov Fazliddin Hasanboevich O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, xalqimga, Prezidentimga sodiq bo`lishga tantanali ravishda qasamyod qilaman...»

«Vatanparvar» muxbiri Alibek OMONTURDIEV

suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar