O`zbekiston Respublikasining Oliy o`quv yurtlarida o`zining yoki 26 yoshga to`lmagan bolalarining o`qishi uchun tijorat banklari tomonidan berilgan ta`lim krediti mablag`lari hisobiga haq to`lagan jismoniy shaxslarning kreditni so`ndirishga yo`naltirilgan mablag`lari summasiga soliq chegirmasi qo`llanilishi 2014 yilda ham saqlanib qolindi.
Imtiyozni qo`llash tartibi Adliya vazirligida 2010 yil 27 mayda 2107-son bilan ro`yxatga olingan O`zbekiston Respublikasi oliy o`quv yurtlarida ta`lim olish uchun yo`naltiriladigan mablag`larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i bo`yicha imtiyozni qo`llash tartibi to`g`risidagi nizom (bundan keyin - 2107-sonli Nizom) bilan tartibga solinadi.
Soliq chegirmasi kreditni to`lash usuliga bog`liq holda yashash joyidagi davlat soliq inspeksiyasi orqali jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to`g`risidagi deklarasiyani taqdim etish yo`li bilan hamda soliq to`lovchining yozma arizasiga binoan to`lov manbaida - ish beruvchi tomonidan ham berilishi mumkin (2107-sonli Nizomning 9-bandi). Bunda soliq chegirmasi kredit bo`yicha asosiy qarz va unga doir foizlarni qoplash uchun yo`naltirilgan summaga qo`llaniladi.
To`lov manbaida imtiyoz olingan ta`lim kreditini jismoniy shaxslarning ish haqi va ish beruvchi tomonidan tijorat bankiga o`tkaziladigan soliq solinadigan boshqa daromadlari hisobiga so`ndiri chog`ida beriladi.
Agar jismoniy shaxs ta`lim kreditini mustaqil ravishda so`ndirsa (naqd pul bilan, o`zining banklardagi omonati va boshqa hisobraqamlaridan yoki plastik kartochkani qo`llangan holda), soliq chegirmasi deklarasiya asosda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ini hisoblab chiqarish chog`ida jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan qo`llaniladi.
RavshanNasimov,
DSQ Jismoniy shaxslarga soliq solish
bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari





