AsosiyJamiyat

Farg`onadan haj ziyoratiga boradigan 950 fuqaro saralandi

'Farg`onadan haj ziyoratiga boradigan 950 fuqaro saralandi'ning rasmi

Haj ibodati islom arkonlarining beshinchisi, ya`ni eng so`nggisi bo`lishi va uni musulmon kishi umr davomida bir marta ado etishi farz ekani bejiz emas. Chunki haj amallarini bajarishdan oldin inson ungacha bo`lgan arkonlarni mukammal tarzda ado eta borib, o`zida hojilik rutbasiga munosib bo`lgan mustahkam imon-e`tiqod, go`zal xulq-odob, eng asosiysi, taqvoni hosil qilgan bo`lishi lozim.

Dang`ara tumani Kichik turk qishlog`ilik Yunusali Mamajonov ham saxovatpesha insonlardan. U tadbirkorlik bilan shug`ullanib, 20 ga yaqin yoshni ish bilan ta`minlagan. Shuningdek, yordamga muhtoj oilalarga doimo ko`mak beradi. Diniy oqimlarga adashib qo`shilib qolganlarga ham murabbiy sifatida biriktirilgan. Mahallada uni barcha hurmat qiladi. Mahallada tuzilgan ishchi guruh tomonidan bir necha nomzodlar orasidan Yu.Mamajonovni hajga jo`natish bo`yicha tavsiya berildi.

– Anchadan buyon ulug` ibodatni bajarishni niyat qilib yurardim, – deydi Yu.Mamajonov. – Yaratganga shukr, bugun emin-erkin ibodat qiladigan, diniy farzlarni to`la-to`kis ado etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan zamonda yashayapmiz. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ushbu diniy amalni bajarish tartibiga o`zgartirish kiritish, bundan keyin xalqqa foydasi tekkan, diniy ilmlardan xabardor va eng muhimi, o`zining ko`p yillik hayot yo`li bilan boshqalarga ibrat bo`la olgan eng munosib odamlar hajga borishi kerakligi to`g`risidagi fikrlari xalqimizning ayni dilidagi gap bo`ldi.

Ha, bugun kim bilan gaplashmang, hajga borishdagi yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan minnatdorligini bildirmoqda. Haj safariga boruvchi nomzodlarni tanlashda adolat tamoyillariga qat`iy amal qilish, jamoatchilik fikrini o`rganish, shuningdek, hajga boruvchilarni saralash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi qaroriga asosan Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Endi moddiy imkoniyati etgan kishi muborak safarga ketavermaydi, aksincha, uning yuksak ma`naviyati, ijtimoiy hayotdagi faolligi hamda jamiyat manfaati yo`lidagi jonkuyarligi ham inobatga olinadi.

Farg`ona viloyatida ham nizomga kiritilgan yangi talablarga muvofiq suhbat o`tkazildi hamda muborak haj safariga boruvchilar saralandi. Viloyatdan 950 nafar fuqaro muborak safarga boruvchi sifatida ro`yxatga olindi, deb yozadi O`zA.

– Albatta, avvalo har bir mo`min-musulmon uchun muborak haj va umra safarlariga bormoq farzdir, – deydi “Nuroniy” jamg`armasi Marg`ilon shahar bo`limi raisi Turg`unboy Nishonov. – Biroq ziyoratga borayotgan har bir muslim va muslima dastavval muqaddas ziyoratning butun ulug`vorligini chin ko`ngildan his etishi va bu safarga munosib bo`lmog`i lozim. Shahrimizdan 90 nafar fuqaro haj, 140 nafar fuqaro umra ziyoratiga borish uchun saralash sinovlaridan muvaffaqiyatli o`tdi.

Hajga borish uchun navbatga qo`yiladigan nomzodlar avvalo moddiy va jismoniy jihatdan haj safariga qodir, haj amallarini to`g`ri va to`la-to`kis ado etish uchun etarli diniy bilimga ega, ma`naviyati, ma`rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro`-e`tiborga ega bo`lishi zarur.

– Men butun umrimni yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga sarflab kelmoqdaman, – deydi Farg`ona davlat universiteti professori Turg`unoy Egamberdieva. – Yagona orzuim musulmonchilikning muhim amallaridan biri – haj safarini ado etish edi. Allohga behisob shukrlar bo`lsinki, haj ziyoratiga har tomonlama munosib insonlar borishi lozimligi to`g`risidagi talablardan keyin mening qalbimda ham umid paydo bo`ldi. Mahallamizda o`tkazilgan yig`inda mening nomzodim ham tavsiya qilindi. Ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokim, mahalladagi tadbirlarda doimiy qatnashib kelayotganim e`tiborga olinib, haj ziyoratiga borishim aytilganida ko`zlarimga yosh keldi. Insonning ezgu amallari e`tirof etiladigan bunday adolatli tizim joriy qilingani uchun Allohga shukrlar aytdim.

    Boshqa yangiliklar