Prezidentimiz Chirchiq shahridagi «O`zbekkimyomash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida yangi quyuv sexi va yirik hajmli uskunalarni ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.
«O`zbekkimyomash zavodi» aksiyadorlik jamiyati 1941 yil tashkil etilgan. Korxona 1999 yil “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o`tkazilgach, mahsulot turlari va ishlab chiqarish samaradorligi yanada oshdi.
Bugungi kunda zavodda neft-gaz, kimyo va oziq-ovqat sanoati uchun issiqlik almashinish jihozlari, kompressorlar, nasoslar, neft va gazni qayta ishlash, kimyoviy, burg`ulash va havo bilan sovutish uskunalari, butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.
Korxona mahsulotlari mamlakatimizning “Muborakneftgaz”, “Sho`rtanneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari, “Sho`rtangazkimyo” majmuasi kabi yirik sanoat korxonalari, shuningdek, Rossiya, Qozog`iston, Belarus, Ukrainaga etkazib berilmoqda.
O`tgan yili 1,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan bo`lsa, joriy yilda ushbu ko`rsatkichni 2 million dollarga etkazish ko`zda tutilgan.
Shu maqsadda korxonani modernizasiya va diversifikasiya qilish orqali zamonaviy texnologiyalar asosida metallni eritish va quyishga mo`ljallangan yangi quyuv sexini barpo etish ko`zda tutilmoqda.
Umumiy qiymati 18,9 million dollarlik loyiha hayotga tatbiq etilishi natijasida zavodda turli nomenklaturadagi quyma mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yiliga 4 ming tonnaga etkaziladi.
Sex Evropa mamlakatlari va AQShdan keltirilgan uskunalar bilan jihozlanadi. Loyiha 2019 yilning uchinchi choragida ishga tushiriladi.
Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlari namunalarini ko`zdan kechirdi. Zavodning eksport salohiyatini kengaytirishda bunday loyihalar muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.
Shu erda 2018-2019 yillarda Chirchiq shahrini iqtisodiy rivojlantirish dasturi, shaharning bosh rejasi, Chirchiq dehqon bozorini qayta qurish, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va Chirchiq davlat pedagogika institutlari joylashgan binolarni rekonstruksiya qilish, Bo`zsuv kanali qirg`og`ini obodonlashtirish, Toshkent-Qibray-Chirchiq-G`azalkent va Chirchiq-G`azalkent avtomobil yo`llarida tirbandlikni kamaytirish, Pskem GESi va to`g`onini qurish, Chorvoq GESi xavfsizligini oshirish loyihalari taqdimoti ham o`tkazildi.
Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berdi.
Zavod faollar zalida ishchi-mutaxassislar, Chirchiq shahri jamoatchiligi, nuroniylar, yoshlar bilan o`tkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o`zgarishlar, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, yoshlar bandligi masalalari xususida so`z yuritildi.






