AsosiyJamiyat

O`zbekistonda jinoyatchini tutib berganga 3 million 500 ming so`m to`lanadi

'O`zbekistonda jinoyatchini tutib berganga 3 million 500 ming so`m to`lanadi'ning rasmi

Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan diniy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun moddiy va boshqa tarzda rag`batlantiriladi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

Bu O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqinda qabul qilingan “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag`batlantirish tartibi to`g`risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida o`z ifodasini topdi.

Endilikda fuqarolar va jamoat tashkilotlarining

qasddan sodir etilishi rejalashtirilayotgan yoki sodir etilayotgan ma`muriy huquqbuzarlikning oldini olishi yoxud to`xtatishi;

tayyorgarlik ko`rilayotgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi natijasida jinoyat sodir etilishining oldi olinishi;

qasddan sodir etilayotgan jinoyatni to`xtatishi va uni to`liq fosh etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko`maklashishi;

fosh etilmagan jinoyat bo`yicha uni fosh etishga ko`maklashuvchi dalillarni aniqlashi yoki uni sodir etgan shaxslar yoxud ularning qaerda ekanligi haqidagi ma`lumotlarni taqdim etishi natijasida jinoyatning fosh etilishi;

qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv e`lon qilingan shaxsning yashiringan manzili haqida xabar berishi, uni ushlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko`maklashishi;

bedarak yo`qolgan shaxs haqida bergan ma`lumoti asosida uning aniqlanishi;

aholi o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi targ`ibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishi va uni bevosita amalga oshirishi;

jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida taklif va tashabbuslarni amalga joriy etishi kabi asoslardan biri mavjud bo`lgan taqdirda rag`batlantirilishi mumkin.

Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini pul mablag`lari bilan rag`batlantirish tegishli idoralararo komissiyalar tomonidan quyidagi miqdordagi to`lovlarni to`lash yo`li bilan amalga oshiriladi:

tuman (shahar) idoralararo komissiyalari — eng kam oylik ish haqining o`n baravarigacha;

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo komissiyalari — eng kam oylik ish haqining o`n besh baravarigacha;

Respublika idoralararo komissiyasi — eng kam oylik ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda.

Fuqarolar va jamoat tashkilotlarining vakillari huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo`shganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotlariga ham tavsiya etilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar