Qozog`iston tarixda ilk bor 2018 yilning 1 yanvaridan 31 yanvariga qadar BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qiladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Kengash raisi Xavfsizlik kengashiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, BMT kotibiyati ko`magida kengashning kunlik ish faoliyatini tashkil etadi. Xavfsizlik kengashiga raislik qiluvchi tuzilma a`zolari bilan kelishgan holda kengash nomidan, shuningdek, norasmiy maslahatlashuvlar yakuni bo`yicha va Xavfsizlik kengashi hujjat matni bo`yicha kelishuvga erishilganda ommaviy axborot vositalari oldida bayonotlar berish vakolatlariga ega.
2018 yilning dastlabki kunlarida BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a`zolari yanvar oyi uchun mo`ljallangan raislik dasturini ko`rib chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xavfsizlik kengashiga kirmaydigan BMTga a`zo davlatlar, OAV va nodavlat tashkilotlar uchun kengashning ish dasturi yuzasidan matbuot anjumanini o`tkazish rejalashtirilgan.
18 yanvar kuni Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboev raisligida Xavfsizlik kengashi a`zolarining «Ommaviy qirg`in qurollarini tarqatmaslik: ishonchni mustahkamlash choralari» mavzuida munozaralar o`tkazilishi belgilangan. Shuningdek, kengashning bir oylik faoliyati davomida Afg`oniston va Yaqin Sharq mamlakatlari, Suriya, Liviya, Kongo, Markaziy va G`arbiy Afrika davlatlari, Janubiy Sudan, Mali, Kipr, Somali va Kolumbiya davlatlaridagi vaziyat muhokama qilinadi.






