AsosiyJamiyat

​FARG`ONADA EHTIYoJMAND OILALARGA BAYRAM TUHFASI TOPShIRILDI

'​FARG`ONADA EHTIYoJMAND OILALARGA BAYRAM TUHFASI TOPShIRILDI'ning rasmi

Eng ulug`, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida Farg`ona shahrida 54 oilaga mo`ljallangan uy-joy foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi O`zA.

Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda odamlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning o`y-fikrlari, orzu-umidlari, quvonchu tashvishlaridan xabardor bo`lish, hayotiy talab va manfaatlarini har tomonlama ta`minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishi ekani alohida ta`kidlandi.

Farg`ona shahrida ham ehtiyojmand, kam ta`minlangan oilalarni qo`llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2016 yil 22 noyabrdagi "2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko`p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`layotir.

– Mazkur hujjat ijrosi doirasida 5 ta 7 qavatli 210 xonadonli zamonaviy arzon uylar qurilmoqda, – deydi Farg`ona shahar hokimi o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasi raisi Sayyora Alimova. – Uylar joriy yil oxiriga qadar foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, shahrimizda bo`sh turgan binolar qayta ta`mirlanib, uy-joyga muhtoj oilalarga berilmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida bo`sh turgan 2 bino ta`mirdan chiqarilib, 108 oilaga berildi.
Farg`onalik Zuhra Sultonovaning bugun quvonchi ichiga sig`maydi. Uning necha yillik orzusi ro`yobga chiqdi, ikki xonali uy sohibi bo`ldi. Opa qizi va nevarasi bilan 17 yil ijarada yashab keldi.

– O`z uyim bo`lishini qanchalar istaganimni tasavvur ham qilolmaysiz, – deydi Zuhra opa. – Ijarada turish mashaqqati va uysizlik nimaligini boshidan kechirgan kishilar meni yaxshi tushunadi. Xudoga shukr, orzuim ushaldi. Davlatimizning o`z fuqarolariga g`amxo`rligini qarangki, bugun o`z uyimga ega bo`lib turibman. Bizdek uyga muhtoj oilalar og`irini engil qilayotgan Prezidentimizga rahmat. Bu uy eng ulug`, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramiga eng katta sovg`a bo`ldi.
Bufotima Domullajonova ikki farzandi, kelini va nevaralari bilan ijarada yashab kelgan. Uning murojaati qondirilib, yangi xonadon kaliti topshirildi.

– Bu gapga to`g`risi, avvaliga unchalik ishonmadim, tush bo`lsa kerak, deb o`yladim, – deydi B.Domullajonova. – Ochig`i, umidimni yo`qotmay, yaxshi kunlarni kutdim, lekin bunday tuhfani xayolimga ham keltirmagandim. Chunki, ilgari bunaqasi hech bo`lmagan-da, eshitmaganmiz ham. Yo`q, rost ekan. Ko`rib turibsiz, mana bu yangi uyning kaliti. Mana, endi o`zimizning uyga ega bo`ldik. Bunday ezgu ishlar boshida turgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tadbirda Farg`ona viloyati hokimi Sh.G`aniev so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar