“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Janubiy Koreyaning Ewha Womans University gospitali hamkorligida viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan tadbirda aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi, dori-darmon va sanitariya-gigiena vositalari berildi, deya xabar qildi O`zA.
– Pediatr, ortoped, psixolog, stomatolog, ginekolog, otolaringolog kabi mutaxassislardan iborat Janubiy koreyalik shifokorlar guruhi aholiga zarur tavsiya va maslahatlar berdi, – deydi “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati hududiy filiali direktori Tursunboy Berdirahmatov. – Tug`ma yurak, qo`l-oyoq bo`g`imlari nuqsoni, terining kuyish asoratlari va boshqa jiddiy xastaliklar bilan og`rigan bemorlar Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihoz va asbob-uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o`tkazildi.
– Maqsadimiz, yurtingizda aholi salomatligini muhofaza qilishga ko`maklashish, o`zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, o`zaro tajriba almashish, – deydi Ewha Womans University gospitali professori Kim Xan Su. – O`zbekistonda avval ham bo`lganman. Shu qisqa vaqt ichida bu erda amalga oshirilgan o`zgarishlar meni hayratga solmoqda. Ayniqsa, tibbiyot sohasida erishilayotgan yutuqlarni alohida ta`kidlamoqchiman. Tashrif doirasidagi hamkorligimiz ijobiy samara berishiga ishonaman.
– O`zim terapevtga ko`rindim, qizim va o`g`lim bolalar shifokori ko`rigidan o`tdi, – deydi Baliqchi tumanidagi Siza mahallasida yashovchi Mohiro`ya Qosimova. – Xorijlik shifokorlar sog`lig`imizni mustahkamlash bo`yicha zarur tavsiya va maslahatlar berdi.
Tashrif doirasida xorijlik shifokorlar Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o`qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Tibbiy ta`lim va uning samaradorligini oshirish, o`zaro tajriba almashish yuzasidan muloqot tashkil etildi, ilmiy ma`ruzalar tinglandi, mahorat darslari o`tkazildi.






