Osiyo Chempionlar Ligasi “A” guruhi 5-turidan o`rin olgan Toshkentning “Lokomotiv” va Saudiya Arabistonining “Al-Tavun” klublari o`rtasidagi uchrashuv oldidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Anjumanning ikkinchi qismida “Lokomotiv” ustozi Andrey Miklyaev va yarim himoyachi Sardor Mirzaev ishtirok etdi.
“Biz uchun ham ertangi o`yin guruhdan chiqishga so`nggi imkoniyat. Raqib buni yaxshi tushunib turibdi. Tarkibda yo`qotishlar bor. Salamat Qutiboev jarohatidan tiklanib ulgurmadi. Muhammad Koneda esa engil jarohat mavjud. Oxirgi ikki o`yindan buyon u individual tarzda mashg`ulotlar o`tamoqda. Futbolchilarning jismoniy holati yaxshi. Ertaga muxlislarning daldasi bizga yo`l kelgan bo`lardi”, – dedi “temiryo`lchilar” ustozi.
“Al-Tavun”ga qarshi o`yin qiziqarli va shu bilan birga qiyin kechadi. OChLdagi so`nggi ikki o`yinim o`xshamadi. O`z ustimda ishladim va sifatli o`yin ko`rsatishga harakat qilaman”, – dedi Sardor Mirzaev.
Eslatib o`tamiz, “Lokomotiv” – “Al-Tavun” uchrashuvi ertaga, 25 aprel kuni TTZ mavzesidagi “Lokomotiv” stadionida, soat 17:00 da start oladi.






