Toshkent shahridagi Inha universitetining professori Husniddin Olimov Xalqaro Fanlar akademiyasining mukofotiga sazovor bo`lgan 22 nafar yosh olim qatoridan joy oldi.
Husniddin Olimov 2016 yil yakunlari bo`yicha O`zbekistondan mazkur nufuzli mukofotga loyiq deb topilgan yagona nomzoddir. Olim ushbu mukofotga so`nggi besh yilda fizika fani bo`yicha etakchi xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalari uchun sazovor bo`ldi, deb yozadi O`zA. Xalqaro Fanlar akademiyasining ushbu mukofoti jahonning 16 mamlakatidan bo`lgan yosh olimlarga topshirilgan.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo`ldoshev, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxo`jaev va boshqalar yurtimiz olimlari mamlakatimiz va dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qo`shayotganlarini ta`kidladi. Universitetning yosh o`qituvchisi erishgan muvaffaqiyat O`zbekistonda iste`dodli yoshlar ko`pligi va ularning faoliyati davlatimiz tomonidan har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yaqinda mazkur universitetda mahalliy professorlarni tayyorlash dasturini amalga oshirish boshlandi. Dastur doirasida yosh o`qituvchilar va akademik yo`nalishdagi mutaxassislar dunyoning etakchi oliy o`quv yurtlari, xususan, Janubiy Koreyada o`qish va malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu nafaqat Toshkent shahridagi Inha universitetida o`qitish sifatini oshirish, balki mamlakatimiz ilm-fanini yanada rivojlantirishga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
Husniddin Olimov 1998 yilda Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining fizika fakultetini bitirgan. Keyingi ilmiy faoliyatini Germaniya va Pokistonda davom ettirgan. Yosh olim yadro fizikasi va yuqori energiyalar fizikasi bo`yicha tadqiqotlar olib boradi. O`zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining yuqori energiyalar laboratoriyasining etakchi ilmiy xodimi bo`lgan H.Olimovning 50 dan ortiq ilmiy maqolasi chop etilgan. Ularning aksariyati dunyoga mashhur ilmiy nashrlar, xususan Amerika fizika jamiyati hamda Evropa fizika jamiyati jurnallarida e`lon qilingan.
Bosh qarorgohi Italiyaning Trieste shahrida joylashgan Xalqaro Fanlar akademiyasi 1983 yilda tashkil etilgan. Akademiya ilm-fan va injiniringni rivojlantirishga ko`maklashadi va har yili olimlarga grantlar ajratadi.






