FIFA va futbol bo`yicha 2018 yilgi Jahon chempionatining rasmiy hamkori — “Gazprom” kompaniyasi “Futbol do`stlik uchun” xalqaro bolalar loyihasining shu yil 26 iyun kunidan boshlab 3 iyul kunigacha Sankt-Peterburgda (Rossiya) bo`lib o`tadigan beshinchi mavsumi start olganini e`lon qilgani haqida xabar berilgandi.
2017 yilda loyihaning ishtirokchi mamlakatlar soni 32 tadan 64 tagacha, ya`ni, ikki barobar ko`paydi. O`zbekiston ham ishtirokchi mamlakatlar qatoridan joy olgan. Qur`a natijasiga ko`ra, O`zbekiston sharafini “Yashil do`stlik” jamoasida darvozabon himoya qiladi.
Musobaqa qoidalariga ko`ra, futbolchi (darvozabon) 10–12 yoshda bo`lishi, 2 yillik futbolchilik tajribasiga ega bo`lib, ingliz tilini bilishi va boshqalar bilan chiqishimli bo`lishi kerak. Shu maqsadda, O`zbekiston Futbol Federasiyasi mamlakatdagi futbol klublarning yosh darvozabonlari orasida 19 aprel kuni tanlov o`tkazdi.
Tanlovda “Bunyodkor”, “Neftchi”, “Nasaf”, “Lokomotiv” va “Paxtakor” klublarining jami 7 nafar tarbiyalanuvchisi ishtirok etdi. Nomzodlarni saralash ikki bosqichda bo`lib o`tdi. Dastlab darvozabonlarning maydondagi hatti-harakati, jismoniy holati va boshqa ko`rsatkichlari sinovdan o`tkazildi. Sinovlar Anvar Rashidov, Marat Galimov va Ruslan Ahmedxonov kabi darvozabon murabbiylari mutaxassislari nazorati ostida o`tdi.
Birinchi bosqichdan “Nasaf” darvozaboni Asilbek No`monov, “Lokomotiv” vakili Ilyos Ahmedov hamda “Bunyodkor” a`zosi Muslim Abdumamnnopov muvaffaqiyatli o`tdi.
“Futbol do`stlik uchun” xalqaro loyiha bo`lgani uchun ikkinchi bosqichda nomzodlarning rus va ingliz tili borasidagi bilimlari sinovdan o`tkazildi. Yosh darvozabonlar bilan olib borilgan qiziqarli va mazmunli suhbatdan keyin “Lokomotiv” PFK tarbiyalanuvchisi, 2005 yilda tavallud topgan Ilyos Ahmedov xalqaro turnirda O`zbekiston sharafini himoya qilish uchun tanlab olindi.






