O`zbekiston hukumati delegasiyasining Chexiyaga rasmiy tashrifi doirasida bugun, 11 oktyabr kuni Praga shahrida O`zbekiston-Chexiya biznes forumi o`tkazildi.
Ikki mamlakat Bosh vazirlari ishtirok etgan biznes-forumda mamlakatda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiliklarida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar mohiyati haqida so`z yuritildi.
Jumladan, xususiy biznesni qo`llab-quvvatlash bo`yicha muhim qarorlar qabul qilinib, ikki yuzdan ortiq lisenziya va ruxsatnomalar bekor qilingani, soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga, ayrimlarining stavkalari esa ikki barobarga kamaytirilganiga e`tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, O`zbekistonda valyuta bozori liberallashtirildi va daromadlarni repatriasiya qilish bo`yicha barcha cheklovlar olib tashlandi. Joriy yildan boshlab qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.
Yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob`ektlarini xususiylashtirish dasturi qabul qilindi. Uning doirasida mingga yaqin korxona va yirik obektlar sotuvga chiqarildi.
Energetika, transport, sog`liqni saqlash, ta`lim, infratuzilmani rivojlantirish va yo`l qurilishi sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik tamoyili faol joriy etilmoqda.
Bugungi kunda 90 dan ortiq xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani O`zbekistonni mintaqadagi eng ochiq davlatga aylantirdi.
Investorlarning huquqini himoya qilish maqsadida investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida alohida qonun qabul qilinib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Biznes ombudsman instituti joriy etildi.
Iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan davlatlar tajribasi shuni ko`rsatmoqdaki, tadbirkor muayyan davlatga sarmoya kiritishdan avval u erdagi imkoniyatlarni diqqat bilan o`rganadi. Shu nuqtai nazardan, O`zbekistonni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Hujjatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo`yicha qator muhim vazifalar belgilangan.
Strategiyadan asosiy maqsad – ochiq, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan davlat qurishdir. Buning uchun O`zbekistonning etarlicha imkoniyati bor, umuman olganda, Chexiya biznesining O`zbekiston bozoriga kirishida katta istiqbollar mavjudligiga e`tibor qaratildi.
Biznes-forum yakunlari bo`yicha muhim ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi va imzolandi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ishonchni oshirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollarini nazarda tutuvchi kengaytirilgan hamkorlikni o`rnatish to`g`risidagi Qo`shma deklarasiyani qabul qildilar.
Bundan tashqari, delegasiya rahbarlari ishtirokida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:
O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o`rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to`g`risida Bitim;
O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o`rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to`g`risida Bitimning Ijro Bayonnomasi;
O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati o`rtasida Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to`g`risida Bitim.
Bundan tashqari, O`zbekiston-Chexiya biznes forumi doirasida ikki mamlakat o`rtasida kengaytirilgan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir kator hujjatlar imzolandi.






