“O`zbekiston Respublikasi temir yo`l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-329, 10.10.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 yanvargacha quyidagilar tashkil etiladi:
- yo`l xo`jaligi, elektr ta`minoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xo`jaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini ta`minlash bo`yicha “Temiryo`linfratuzilma” AJ;
- yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo`jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo`lga qo`yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bo`yicha “Temiryo`lkargo” AJ;
- yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezdlarda yo`lovchilarni tashish xizmatini ko`rsatish bo`yicha “Temiryo`lekspress” AJ;
- “O`ztemiryo`lyo`lovchi” AJ tarkibida vokzallar faoliyatini ta`minlash bo`yicha “Temir yo`l vokzallari” MChJ va shahar atrofida yo`lovchilar tashish bo`yicha “Shahar atrofida yo`lovchi tashish” MChJ;
- bolalar oromgohlari, sog`liqni saqlash, madaniy-ma`rifiy va sport ob`ektlarini saqlash bo`yicha “Temir yo`l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi.
Temir yo`lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo`nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar 2024 yil 1 yanvardan bekor qilinadi hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi (bundan ikki yoki undan ko`p xorijiy mamlakatlarning temir yo`l ma`muriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar mustasno).
2023 yil 1 dekabrgacha temir yo`llarda yuklarni tashish tariflariga taqdim etiladigan chegirmalar ro`yxati tasdiqlanadi.
2024 yil 1 yanvardan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poezdlarda yo`lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o`tiladi.
2025 yil 1 yanvardan mahalliy yo`nalishlarda yo`lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poezdlarda yo`lovchilarni tashish bundan mustasno) ko`rsatishdan ko`rilgan zararlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan temir yo`l transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalar Davlat byudjeti hisobidan kompensasiya qilinadi.
2027 yil 1 yanvargacha temir yo`l transporti xizmatlarini ko`rsatuvchi korxonalar tomonidan olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun mo`ljallangan mexanizm va uskunalarga bojxona bojining nol stavkasi qo`llaniladi.
2026 yil 1 yanvargacha “O`zbekiston temir yo`llari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga o`zaro to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, etkazish, ish (xizmat)larini bajarishga ruxsat beriladi.






