Bugun, 10 oktyabr kuni Samarqandda Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasining navbatdagi yig`ilishi koferensiya shaklida boshlandi. Ikki kun davomida 33 ta davlatdan tashrif buyurgan 150 nafarga yaqin soha vakillari, ekspertlar ishtirokida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg`in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda notariusning o`rni” hamda “Raqamlashtirish asrida notariatning o`rni” mavzular muhokama qilinadi.
Konferensiyada O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov so`zga chiqib, oxirgi yillarda mamlakatimizda notariat sohasida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi rejalarga to`xtalib o`tdi.
Ta`kidlangandek, O`zbekistonda 2020 yildan xususiy notariuslar faoliyati yo`lga qo`yildi. Bugungi kunda 1000 nafardan ortiq xususiy notariuslar faoliyat yuritmoqda.
O`zbekiston Notarial palatasi tashkil etildi, uning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari belgilandi. 2022 yilda O`zbekiston notariat tizimi Xalqaro notariuslar ittifoqining 91-a`zosi bo`ldi.
Fuqarolarga engillik yaratish maqsadida ko`chmas mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini, mulkdorning yaqin qarindoshlariga beriladigan avtotransport vositasini boshqarish uchun ishonchnomalarni, birlamchi bozordagi garov va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi. Bitimlarni tasdiqlashda eksterritoriallik prinsipi joriy etildi.
“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga huquqiy maqom berildi va barcha notarial harakatlar ushbu tizimda ro`yxatga olinmoqda. Notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan olinishi yo`lga qo`yildi. Fuqarolardan talab etiladigan hujjatlar va ma`lumotlar hajmi 87 foizga qisqartirildi. “E-notarius.uz” rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Ayrim notarial harakatlarni dunyoning istalgan joyidan videokonferensaloqa orqali onlayn ravishda amalga oshirilmoqda.
Xususiy notarial faoliyatni lisenziyalash “Lisenziya” axborot tizimi orqali to`liq elektron shaklda amalga oshirilishi yo`lga qo`yildi. Shaffoflikni ta`minlash maqsadida xususiy notariuslarga lisenziya berish bo`yicha imtihonlar onlayn translyasiya qilinmoqda.
Ayrim turdagi notarial harakatlar uchun davlat boji stavkalari miqdorlari optimallashtirildi, shaffoflashtirildi hamda kamaytirildi.
Shu bilan birga, O`zbekiston tomonidan notariat sohasida xalqaro aloqalarni o`rnatish va uni rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunda Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, V`etnam, Mongoliya, Dominika, Benin, Ukraina, Litva, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va boshqa davlatlarning notariat sohasidagi tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o`rnatildi.
“Butun dunyo huquqshunoslari o`zaro tajriba almashish hamda hamkorlikni yo`lga qo`yish orqali yuzaga keladigan muammolarni birgalikda tartibga solish mumkin. Bu esa sohani rivojlanishiga zamonaviy, tushunarli va barcha hurmat qilib, itoat etadigan huquqiy zamin yaratishga xizmat qiladi”, — deya ta`kidladi adliya vaziri.
Xususan, 2024 yildan notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog`liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o`tkazishdan tashqari) videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish yo`lga qo`yish, masofadan amalga oshiriladigan notarial harakatlar doirasini kengaytirish maqsad qilingan.






