Ular bir-birini to`ldirib turadi. Biri sho`x-shaddod, ikkinchisi esa dugonasiga qaraganda vazminroqdek. Do`stlik rishtalaridan tashqari ularni ijodkorlik kayfiyati ham bog`lagan. Tanishing «Bizning duet» ishtirokchilari aktrisa Zarina NIZOMIDDINOVA hamda «O`zbegim taronasi» radiosining piar-menejeri Nigora ABDULLAXANOVA.
– Kichik surishtiruvimga ko`ra, birinchi sinfdan beri dugona ekansiz. Rostmi bu?
Nigora Abdullaxanova: – Salkam yigirma yildan beri do`stmiz.
– Bitta partada o`tirganmiz ham dersiz?
Zarina Nizomiddinova: – Ha, shunday. Biroq men to`rtinchi sinfda xoreografiya bilim yurtiga o`tdim. Shundan so`ng orada biroz uzilish bo`lib qoldi.
N: – Zarina ketgach, bir o`zim juda zerikardim.
– Dugonangizni hammadan ham yaxshi bilasizmi?
N: – So`zsiz!
– Biz Zarinani aktrisa sifatida bilamiz, inson sifatida unga qanday ta`rif berasiz?
N: – Avvalambor, Zarina juda yaxshi do`st. Chin ma`noda, vafodor, mehribon, jonkuyar inson. Kezi kelganida opalardek nasihat qiladi. Kerak bo`lsa, xuddi akalardek tergashi ham mumkin. Kamchiliklarimni ro`yi-rost yuzimga aytadigan inson ham shu!
– Kichikligida qanday edi?
N: – Juda sho`x qiz bo`lgan. Maktabda Zarinani hamma tanirdi. Yuqori sinfdagi yigitlar dil izhori qilishsa, nuqul jahli chiqib, achchiqlanardi. «Nega meni yaxshi ko`rib qolaverishadi?» deganlaring yodingdami? (kulgu ko`tarildi)
– O`sha kezlarda ham o`zini xafa qildirib qo`ymasdi, chog`i?
N: – Bolaligidagi fe`li deyarli o`zgarmagan. Ilgari ham nohaqlikka chidolmasdi. Hozir ham shunday. «Menga nima?» qabilida ish tutish Zarinaga xos emas. O`ziga zarari tegishini bilsa ham jim turolmaydi. Gohida jim turish ham kerak deyman unga. Ammo xarakteriga qarshi chiqolmaydi.

– Zarina, nega aynan Nigora bilan dugona tutingansiz?
Z: – Birinchi sinfda boshqa bir qiz dugonam edi. Ammo negadir u bilan chiqisha olmadik. Nigoraning oilasi bizning mahallaga ko`chib kelishgach, birga maktabga qatnay boshladik, musiqa o`qituvchimiz ham bir edi. Shu-shu yaqinlashib ketdik. Birga dars tayyorlardik. Nigoraning bir odati bor, qachon qarama krossvord ishlardi. Metroda ketayotgan bo`lsak, o`zimcha bir nimalarni gapiraverardim u bo`lsa boshini qimirlatib tasdiqlagandek bo`lardi-da boshqotirmadan ko`zini uzmasdi. Bir kuni dugonamga qiziqib, krossvord ishlab ko`rmoqchi bo`lganman. Xavasim kelardi-da, tezgina javoblarini topib yozib tashlashiga. Qolaversa, dadam rahmatli ham krossvordlarga qiziqardilar. Lekin ular ishlayotganlari qiyinroq ekan. «Nigor bir zumda topib oladi-yu» deganim hali ham esimdan chiqmaydi. Keyin bilsam, Nigora bolalar uchun mo`ljallanganini sotib olarkan.
N: – Yo`l-yo`lakay birga krossvord ishlaganlarimiz yodingdami? Kim ko`p javob topishga bahslashardik.
– Bolalikdan bir-biringizning qiziqishlaringizga befarq bo`lmagan ekansiz. Hozir-chi, bir-biringizga nimalarni o`rgatayapsiz?
Z: – Avval intervyu yoki s`yomkalarga chaqirishsa, uyda bo`lamanmi, biror tadbirdami «ketayapman» derdim-da, boraverardim. Nigora bo`lsa, «Zarina, kel sochingni turmaklaymiz, sal pardoz qilib ol» – derdi. «Tabiiy bo`lgani yaxshi» desam ham tayyorgarliksiz borishimni istamasdi. Dugonam o`zimga yanada e`tiborli bo`lishni o`rgatdi.
N: – Inson fe`l-atvoridagi eng qiyin sifatlardan biri – o`z-o`zini nazorat qilishni Zarinadan o`rganganman. Kayfiyati yo`q bo`lsa ham tabassum bilan muomala qiladi. Ichini emirayotgan dardni sira yuzaga chiqarmaydi. Hamisha o`zini tuta oladi. Menda esa buning aksi. Achchiqlansam, hammaga zahrimni sochardim, hissiyotlarimni ushlab turolmasdim. Lekin dugonam «O`zingni nazorat qil» deya xarakterimni o`zgatira oldi.
– Ikkingizdan Nigora vazminroq, siz esa Zarina shaddodroqdek ko`rinarkansiz.
Z: – Nigoraning ham o`ziga yarasha shumligi bor. (kuladi) Lekin chindan ham dugonam menga qaraganda og`ir-bosiq.
– Nigora, dugonangizning eng birinchi rolini eslaysizmi?
N: – «Romeo va Juletta». O`shanda Zarina xoreografiya maktabida o`qirdi. Maktabdan qaytayotganimda film afishasida uning suratini ko`rib qolganman. Uyga kelib, qo`ng`iroq qilsam, «Kinoda suratga tushdim» degan va kartina syujetini boshidan oxirigacha so`zlab bergan. Premera kuni dugonamni katta ekranda ko`rib, ochig`i, hayajonlanganman. Hayotda tanigan-bilgan yaqiningizni kinoda rol ijro etayotganini tomosha qilish boshqacha bo`larkan. Bu film Zarinaning tashrif qog`oziga aylandi. Uning uchun juda xursand bo`lgandim. Bilasizmi, o`shanda hali o`smir yoshidagi qizlar edik. Lekin dugonam yulduzlik kasaliga chalinmadi. Bunday yoshda jahonga mashhur san`atkorlarning ko`pchiligi «yulduzlik»ka chalingan. Lekin Zarina bu holatga chap beroldi.
– Demak, «Zarina yulduzlik kasaliga chalingan» degan fikrni inkor etayapsiz?
N: – Dugonamni menchalik biladigan inson bo`lmasa kerak. Uni ko`p kuzatganman. Biror marta o`zidan ketib, manmansiraganini ko`rmadim.
– Bordiyu «yulduzlik kasali»ni yuqtirib olayotganini sezib qolganingizda-chi, nima qilardingiz?
N: – Rostini aytib o`rganganman. Xatti-harakatini tushuntirib, tartibga chaqirib qo`yardim.
– Aytganingizga quloq soladimi?
N: – Har doim bir-birimizni tinglashga, to`g`ri tushunishga harakat qilamiz.

– Dugonangizga qay vaziyatlarda tanbeh berasiz, Zarina?
Z: – «Och yurma! Vaqtida ovqatlan» deyman. Bu hamisha takrorlaydigan gapim. Chunki o`zim vaqtida taomlanishga odatlanganman. Nigora esa ertalab nonushta ham qilmaydi, gohida kun bo`yi tamaddi qilishga ham fursat topmay yuraveradi. Urushaman-da, keyin. Ertaga homilador bo`lishi bor, farzandini sog`lom dunyoga keltirsin deyman.
– Dugonangiz ijrosidagi qaysi rolni ko`proq ma`qul kelgan, Nigora? Va savolning davomi qaysinisini xushlamaysiz?
N: – Ko`proq komediya janridagi rollarini yoqtiraman. Lekin tomoshabinlar uni melodrama janridagi obrazlarini sevib tomosha qilishadi.
– Yoqmaganlarichi, to`g`risini aytavering. Axir rost so`zlayman dedingiz-ku?
N: – Zarina har bir obrazni bor mahorati bilan ijro etadi. To`g`risi, «Mana bu roli o`xshamagan» deyolmayman. Bor, lekin rol emas, u ishtirok etgan ayrim filmlar unchalik manzur kelmaydi. Ssenariysi sayozroq yoki rejissyorlik ishi a`lo darajada emas. Ana shularni nazarda tutdim. Kasbimdan kelib chiqib, ekranda namoyish etilayotgan kartinaning har bir elementiga diqqat qilaman.
– San`at sohasida ham fikr almashar ekansizlar-da?
Z: – Nigoraga yodlagan monologlarimni aytib beraman. «To`g`ri aytayapmanmi, qarab tur» deyman.
N: – Uzundan-uzun monologlarni yodlaydiki, asti so`ramang. Qanday qilib esingda qolayapti, deyman kulib.
– Xoh aktrisa bo`lsin, xoh xonanda, odamlarning tiligi tushishi bilan atrofida do`stligini, beminnat yordamini taklif qiluvchilar ko`payib qoladi. Tabiiyki, bunday paytlarda har qanday dugonalarning munosabati ham imtihondan o`tadi.
Z: – Ahilchiligimizni buzmoqchi bo`lganlarni ham ko`rdik. Ammo rejalari ish bermadi.
N: – Zarinaning bir odati bor, biror muammo chiqdimi, tagiga etmagunicha tinchimaydi.
Z: – Joyida hal qilishni ma`qul ko`raman. Hech qachon indamay ketmayman.
– Kelisholmay qolsangizchi?
Z: – Bunaqasi bo`lmagan. Nigoraga o`jarlik qilmayman. Biror nima desa quloq solaman.
– Tadbirkorlikka qo`l urgandingiz nima bo`ldi?
Z: – Go`zallik salonini xohlagandim. Keyin liboslar do`konini ochdik. Ammo ishi qiyin ekan. Hozir tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayapman.
– O`g`lingiz ham ulg`ayib qoldi. Unga nisbatan talabchanmisiz?
Z: – Qattiqqo`lligim bor.
N: – Bola tarbiyasida nihoyatda talabchan. O`g`li, onasining ko`z qarashidan o`zi uchun kerakli xulosani chiqarib oladi. Ba`zan ko`nglim bo`shab ketadi-yu, o`g`il bolani tergab turish kerak deb qo`yaman. Premeralarda o`g`li bilan birga o`tiramiz. Biror sahnada Zarina yig`lasa, jahli chiqadi, «Nega oyim yig`layapti?» deb.
– Farzand ko`rgach ko`ngilchan onalardan bo`lsangiz kerak?
N: – Kim biladi deysiz? (kuladi).
– Aktrisalar orasida hech kimni o`zingizga raqobatchi deb hisoblamas ekansiz, Zarina?
Z: – Raqobatchi deb bilmasligim chin. Ammo bu mensimaslik emas. Ular men uchun hamkasb. Har birining ijodini hurmat qilaman.
– Lekin san`atkorlar orasida birorta ham dugonangiz yo`q!
Z: – Ha, shunday.
N: – Mening oldimda shunday deyapsan-a?!(kuladi)
Z: – Sendayi yo`q, Nigor. Asosan erkak san`atkorlar bilan do`stman. Shohruxxon, «Benom»dagi yigitlar. Bir qozonda qaynayotganlarning haqiqiy do`st bo`lishiga ishonmayman. Rolga tasdiqlashlari uchun o`zini har kuyga soladigan aktrisalarni ham tushunmayman. Men uchun bu uyat!
– Biror hamkasbingiz rolingizga da`vo qilsa, ham berib qo`yaverasizmi?
Z: – Kurashmayman! Mag`rurligim bor. «Shu rol uchun qancha talashdi-ya...» degan so`zlarni aytishlarini istamayman.

– Odamlarning gap-so`zidan qo`rqasizmi?
Z: – Yo`q, bu narsalar meni cho`chitmaydi. Lekin past ketishni istamayman. Professional rejissyor rolda meni ko`roldimi, tamom, fikrini o`zgartirmaydi. Ikkilanib turganida qarorini o`zgartirishini to`g`ri tushunaman. Lekin tasdiqlab bo`lgach, aktrisa almashtirish to`g`ri ish emas, nazarimda. «Shamollarda qolgan hislarim» filmini ko`rgansiz-a?! Mana shu kartinadagi bosh qahramon obrazi aslida Viven Liga tegishli bo`lmagan. Unga boshqa bir aktrisani tasdiqlashgan ekan. «S`yomka»ga ikki kun qolganida film rejissyori Vivenni ko`rib qolib, uni rolga oladi. Chunki bu aynan Vivenga mos obraz edi. Agar bunaqa holatlar bo`lsa, to`g`ri qabul qilaman.
– Hayotda ham fe`lingiz shundaymi?
Z: – Har qanday vaziyatda ham past ketmayman. Qiynalsam ham. Notanish insonlarga nisbatan balki «Mayli, qo`yaver» derman. Lekin yaqin insonlarim dilimni og`ritsa, baridan voz kechaman.
– Tasavvur qiling, agar shunday imkon berilsa, hayotingizning qaysi davrini qayta ijro etardingiz?
Z: – ...bu haqda eslashni istamasdim. Hayotimizdagi har bir voqea saboq. Har bir zarbaning bir hikmati bor.
Nigora:
– Dugonangiz punktual insonmi?
– Ba`zan kechikib yuradi.
– U haqida uchta fakt ayting.
– Mehribon, ishonuvchan va yaxshi farzand. U ota-onasi istagandek bo`loldi, ularni rozi qilolgan qiz. Bu borada hech bir shubhaga o`rin yo`q.
– Ojizligi?
– Ko`ngilchan, soddaligi bor.
Zarina:
– Nigoraning eng sevimli filmi?
– Qayta-qayta ko`radigani... eslolmadim.
– Bolalikdagi kumirlari?
– Maykl Jekson ijodini kuzatardi.
– Sizdan yashirgan siri bormi?
– Yo`q!
– Eng katta orzusi?
– Aytaveraymi?! Gollivudda qo`shiq kuylash!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.





