Ijtimoiy tarmoqlarda elektrobus haydovchisi yo`nalish vaqtida quvib o`tish qoidasini buzib Spark avtomobili harakatiga xavf solganligi aks etgan video tarqalgan edi. Holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmati rasmiy ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 22 may kuni soat 16:15 atrofida 72-sonli yo`nalishda harakatlanuvchi Yutong rusumli elektrobus haydovchisi (1976 yilda tug`ilgan) yo`nalish vaqtida quvib o`tish qoidasini buzib, harakatlangan.
Mazkur holat Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan o`rganilgan. Unga ko`ra, elektrobus haydovchisi S.T.ga nisbatan o`rnatilgan tartibda MJtKning 128-5-modda (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo`lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo`ljallangan tomoniga yoki bo`lagiga chiqishi) 2-qismiga muvofiq, ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.






