Har kuni dunyo bo`yicha yuz minglab odam donor qoniga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan insonlar, baxtsiz hodisa tufayli og`ir tan jarohati olgan va murakkab operasiyalarga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolishda qon muhim vosita sanaladi.
Donorlik esa qon va uning komponentlariga muhtoj insonlar uchun beg`araz ko`makdir.
2005 yil may oyida Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog`liqni saqlash vazirlari yakdillik bilan beg`araz qon donorligini qo`llab-quvvatlash to`g`risidagi taklifni ma`qullagan edi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.
Shundan buyon har yili “14 iyun — Butunjahon donorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Jumladan, yurtimizda ham!
Ta`kidlash lozimki, bugun mamlakatimizda beg`araz donorlik harakatini rivojlantirish, uni aholi orasida keng targ`ib etish, qon quyish stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilyapti.
Ayni paytda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” IIChK, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish bo`limlarida qon va uning tarkibiy qismlari yig`ilmoqda.
— JSST tavsiyalariga ko`ra, aholini qon tarkibiy qismlari bilan ta`minlash uchun qon topshirishlar soni 1000 nafar aholiga kamida 10 nafar yoki aholining 1 foizini tashkil qilishi kerak, — deydi Respublika qon quyish markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori A`lonur Saidov.
— Yurtimizda bu ko`rsatkich o`tgan 2022 yil 1000 nafar aholiga qariyb 7,5 nafarni tashkil etdi. Natijada o`tgan yili 56030,0 litr ermassa, 50996,7 litr plazma, 1598,8 litr trombokonsentrat va 4256 doza kriopresipitat yig`ildi.
Albatta, bu ko`rsatkichni yanada oshirish mumkin. Buning uchun yurtimizda sayyor donorlikni rivojlantirish juda muhim.
Ayni shu maqsadda joriy yil Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga 13 ta ko`chma donorlik kompleksi – maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobuslari topshirildi.
Mazkur avtobuslar maxsus karavot, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga mo`ljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, kondisioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning o`zida 3 nafar donordan qon olish mumkin.
Shu o`rinda Sog`liqni saqlash vazirligi yurtdoshlarimizdan beg`araz donor bo`lib, yordamga muhtoj bemorlarga ko`mak berishga chaqiradi, deyiladi xabarda.
14.06.2023 08:27
Bugun butunjahon donorlar kuni






