AsosiyShou-biznes

Shohjahon Jo`raev zaif tomonlari va baxtini butun qilib turganlar haqida

Shohjahon Jo`raevga ko`pchilik juda manman, kibirli deya baho berishadi. Ammo inson bilan gaplashmay turib, asli qanday ekanini bilish qiyin. Bunga bugungi suhbat orqali yana bir karra amin bo`ldik. Yaqinda imidjini o`zgartirgan xonanda o`zi haqidagi ko`pgina ma`lumotlarni biz bilan o`rtoqlashdi. 

— Biroz tanaffusdan keyin yakkaxon konsert dasturingizni taqdim etayapsiz. Tayyorgarliklar qanday?

— Bugun tomoshabinlar ikki toifaga bo`linib qolgandek. Birovlar sahnadagi shou dasturga ko`zi qamashib mahlif bo`lsa, ikkinchi guruhdagilar haqiqiy qo`shiq shaydolari. Men konsertimda tomoshabinlarning e`tiborini keraksiz narsalarga qaratmoqchi emasman. Chunki o`sha kuni chin dildan qo`shiq eshitaman deb kelganlar bilan yuzlashishni istardim. Yana bir gap — konsertimda dekorasiya bo`lmaydi. Faqat o`rtaga katta monitor qo`yamiz. Bu ham bo`lsa, orqa o`rindiqlarda o`tirganlar uchun qulaylik yaratish maqsadida. Raqqosalar masalasida ham to`xtalib o`tishim mumkin. Ko`proq yakkaxon ijrolarga e`tibor beryapmiz. Xullas, bir so`z bilan aytganda shou dastur emas, yakkaxon konsert dasturim bilan muxlislarni xushnud etaman. 

— Repertuaringizda ko`proq qaysi mavzuga to`xtalyapsiz?

—  Hozirgi zamonda muammoga aylanib borayotgan mavzularga to`xtalish niyatim yo`q. Ya`ni, chet davlatlardagi holatlar, qochqinlar, urushlarda qurbon bo`layotganlarga atab qo`shiq kuylamayman. Chunki insonlar bular haqida har kuni internet tarmoqlarida, televidenieda eshitib charchashgan, siqilishgan. Men esa konsertimda ularni bu olamdan olib chiqib ketmoqchiman. Ikki soat davomida qo`shiqlarimni tinglab, muammmolarni unutib, maza qilib hordiq chiqarishlarini istayman. Maqsadimiz shu. 

— Konsert taqdim etishda amal qiladigan uch muhim qoidangiz bormi?

— Ularning soni nechta bilmadim-u, lekin yo`q emas. Birinchisi, jonli ijro va musiqa. Ikkinchisi esa, haqiqiy konsertni targ`ib qilish. Kelganlar qo`shiqlardan rohatlanib vaqt qanday o`tganini bilmay qolishsin. 

— Ijod  yo`lingizga ahamiyat bersak, umuman duet kuylamagan ekansiz?

— Bu narsaga umuman qiziqmayman desam, to`g`riroq bo`ladi. Men qo`shiqlarimni o`zim yozaman. Menga hamkorlik qilish taklifini bildirganlar ham o`z qo`shig`i bilan kelishi kerak deb o`ylayman. Duet kuylaylik degan bilan qo`lida ishi bo`lmasa, bu ham to`g`ri emas nazarimda. Yana bir asosiy jihatlardan biri ovozlarimizning bir- biriga tushishi. Lekin hozir esladim, bir marta duet kuylamoqchi ham bo`ldim. Yangi qo`shiq yozdim, umuman boshqa yo`nalishda. U ko`proq Rayhon G`anievaning stiliga mos edi. Qani bir duet ham kuylab ko`ray-chi, deb, konsertlarning birida taklif ham bildirdim, o`zaro kelishib oldik. Biroq aytyapman-ku, qiziqishim kuchli bo`lmagani uchun ishni oxirigacha etkazmaganman.

— Bugun sizni yo`nalishingizda qo`shiq kuylovchilar juda ko`p. Ovoz borasida ham o`xshashlar yo`q emas. Ularning ijodini kuzatib turasizmi?

— Men hammani ijodini kuzataman. Lekin ularning ismini ajratib ko`rsatmayman.

— Aytmoqchimanki, balki ular bilan ham duet kuylashingiz mumkindir...

— Men ularga taklif bilan chiqmayman. Agarda kimningdir xohishi bo`lsa, marhamat. Rad javobini bermayman. Aksincha, hatto ayrimlariga foydam ham tegadi deb o`ylayman.  

—  Endi, bugungi ko`rinishingiz haqida gapirsangiz. Tanaffusdan keyin ijodingizni yangi imidjda davom ettirishni istadingizmi?

— Bu haqda gapirsam, tarixi uzun. Bilasizmi, o`zimga qolsa bu imidjda allaqchon ko`rinish bergan bo`lardim. Ammo ijodimni boshlagan yillarim istasam-istamasam, dadamga qiyoslovchilar ko`p bo`lgan. Mana o`n yildirki, dadamning yo`nalishida, ularning qo`shiqlarini qayta kuylab ijod qildim, to`plamlar yaratdim. Tan olishim kerak, shu kungacha sahnaga chiqqanimda men uchun emas, dadam uchun qarsak chalinardi, ya`ni ularning qo`shiqlarini kuylaganim uchun.  Ammo butun umr soyada yurishim to`g`ri emasligini yaxshi bilaman. Bugun dadamga munosib o`g`il ekanimni etarli darajada isbotladim. Endi ko`rganlar kimningdir o`g`li emas, Shohjahon Jo`raev deyishyapti. Sekin-sekin ikki yo`nalishni qorishtirib, o`zim istagan yo`nalishga ham etib kelyapman. Aytmoqchimanki, aslida men yaratishni istagan qo`shiqlar bugungi kunda jarang sochishni boshladi, prem`erasi kutilayotganlari ham bor. Men istagan yo`nalishdagi qo`shiqlarga esa mo`ylovli Shohjahon to`g`ri kelmas edi. Shuning uchun imidijimga biroz o`zgartirish kiritdik. Bugungi yaratadigan qo`shiqlarim 35 yoshdan kichik bo`lganlarga mo`ljalangan. Rok-n-roll elementlari qo`llanilayotgan yangi qo`shiqlarimni eski shinavandalarim tushunmay qolishadimi deyman-da. Tez kunlarda yangi albomdan joy olgan “Go`zalim” qo`shig`i efirlarga uzatiladi. Bu qo`shiq milliy yo`nalishda emas, u yoshlarbop janrda. Nima demoqchiligimni muxlislar qo`shiqni tinglaganda bilib olishadi. 

— Bu yo`nalish tinglovchilar tomonidan yaxshi qabul qilinishiga ishonasizmi?

— Yuz foiz ishonchim komil.

— “Go`zalim” qo`shig`ining klipida ilk bor o`zingiz rol ijro etdingiz.

— Ha, chunki qo`shiqning stili ana shu narsani taqozo qiladi. Uni o`zim kuylab, o`zim rol o`ynamasam, klipning ma`nosi boshqa aktyor men  istagandek ko`rsatolmasdi. 

— Kinolardan taklif tushsa, rol o`ynashingiz mumkinmi?

— Yo`q. Balki epizodlarda o`zimning fe`limga yaqin rol bo`lsa, ijro etishim mumkin. Biroq, kino olami men uchun emas. 

—  Qanday qo`shiqlardan ilhomlanasiz?

— Bu haqida gapirmayman. Chunki intervyuni o`qiganlar nimadan ilhomlanishimni bilib olishini istamayman. 

— “So`nggi pushaymon o`zingga dushman” degan naqlning isbotini hayotingizda ko`rganmisiz?

— Juda ko`p bora hayotimda o`z aksini topgan. Sababi tabiatan ishonuvchan insonman. Biror iltimosimni bajargan insonga qattiq bog`lanib qoladigan odatim bor. Bu zaif tamonimni o`zimga qarshi qo`llaganlar ko`p bo`lgan. 

— O`zingizni yolg`iz his qilgan paytlaringiz ham bo`lganmi?

— Men aksincha yolg`iz qolishni istayman.

— E`tibordan charchaganmisiz?

— Yo`q. Juda asabiy odamman. Jahlim chiqqanda, kayfiyatim bo`lmaganda, yolg`iz qolishni istayman. Bunday vaziyatdan sukunat bilan chiqib ketaman.

— Baxtingizni butun qilib turganlar haqida gapirib bersangiz. 

— Insonni to`laqonli baxtli qilishi mumkin bo`lganlar bu uning oilasi, farzandlari va sevimli ishi deb o`ylayman. 

— Fazandlaringiz haqida gapni davom ettirsak...

— Nega? Keling yaxshisi boshqa mavzuga o`ta qolaylik. Shaxsiy hayotimni muhokama qilib o`tirish niyatim yo`q. San`atkorning san`ati qiziq bo`lsin...

—  Yaxshi. Bolalaringizning qaysi savollariga javob topolmagansiz?

— (O`ylanib) Bolalarim ko`p savol bermaydi-ku, lekin juda ajoyib gaplar o`ylab topishadi. Misol uchun kuni kecha qizim yonimga kelib “Dada, yuring oymomoni ko`ramiz” deb qoldi. Yur, deb qo`limda ko`tarib, hovliga chiqdim. “Ana oymomoni qarang, osmonga yopishib turibti” deydi.  Ishonasizmi, bunday o`xshatishni men she`rlarda ham uchratmaganman. Ammo nasib qilsa kelajakda ijodimda bu o`xshatmani, albatta qo`llayman.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. 

— Taklif uchun sizlardan minnadorman!

 Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir Islom RO`ZIEV

Boshqa yangiliklar