AsosiyJamiyat

Andijonda ham hali bitmagan binoning oxirgi qavatida qulash sodir bo`ldi

'Andijonda ham hali bitmagan binoning oxirgi qavatida qulash sodir bo`ldi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida qurilishi yakunlanmagan binoning ahvoli aks etgan video tarqaldi. Unda binoning oxirgi qavatida qulay yuz bergani aytilgan. 

Andijon viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o`rganish ishlari olib borildi, deya munosabat bildirdi Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi. 

O`rganishda ob`ektning qurilish ishlari 2022 yilning mart oyida boshlangan. Nazorat tadbirlari davomida fuqaro I.Usmonov tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarisiz inspeksiyani xabardor qilmasdan, ob`ektda qo`shimcha 2 qavat (4-5-qavat) qo`shib, qurilish ishlarini amalga oshirilgani aniqlangan.

Ushbu holat bo`yicha fuqaro I.Usmonovga O`zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi 7-qismi bilan ma`muriy chora qo`llanilgan.

Qurilish ishlari davomida binodagi temir-beton plitalarining qulab tushishi va bino yuqori qavatlaridagi devorlar buzilishiga ishchilar tomonidan temir-beton plitalar ustiga me`yordan (me`yor bo`yicha 1 m2 yuzaga 800 kg yuk tushishi belgilangan, lekin joyida ushbu yuzaga 1400-1500 kg atrofida yuk joylangan) ortiq qurilish materiallari yuklanganligi hamda yuklarni avtokranda tushirish jarayonida dinamik qo`yish hosil bo`lishi sabab bo`lgan.

Inspeksiya tomonidan ob`ektning shaharsozlik hujjatlarisiz qurilgan va yaroqsiz holga kelgan 4 va 5-qavatlarini fuqaro I.Usmonov tomonidan texnika xavfsizlik talablariga qat`iy rioya etgan holda buzib (demontaj) olishi kerakligi tushuntirilgan va binoning 5-qavati demontaj qilingan. Hozirda fuqaro I.Usmonovning moliyaviy muammolari sabab binoning 4-qavatini buzish va qurilish ishlarini davom ettirish vaqtincha to`xtatilgan. Ob`ektning demontaj ishlarini bajarish va qurilishni davom ettirish inspeksiya tomonidan nazoratga olingan.

Eslatib o`tamiz sal avval, Farg`onada va Toshkentda sifatsiz qurilgan binolar bo`yicha norozilik yuzaga kelgan edi. Hali zilzila ko`rmay darz ketgan Toshkentdagi "novastroyka"ni qurgan kompaniya rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilganligi ma`lum qilindi.

    Boshqa yangiliklar