Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoev Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasiga borgani haqida xabar bergan edik.
Keyinroq Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po`lat Bobojonov ham soha mas`ullari bilan birga Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasida bo`lib, qardosh davlatning mamlakatimizdagi elchisi Olgan Bekar janoblari va elchixona mas`ullariga hamdardlik va ta`ziya bildirdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi xabar berdi.
"Turkiya Respublikasining janubi-sharqiy hududlarida joriy yilning 6 fevral kuni yuz bergan talafotli zilzilalar mamlakatimiz aholisini kuchli larzaga keltirdi. Ayanchli ofat yurtimizning har bir fuqarosida chuqur qayg`u va hamdardlik hissini uyg`otdi.
Ichki ishlar vaziri ushbu og`ir va sinovli kunlarda jabrlanganlar hamda vafot etganlarning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik tilab, elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so`zlarni yozib qoldirdi",–deyiladi xabarda.






