AsosiyJamiyat

Kelasi o`quv yilidan barcha boshlang`ich sinf o`quvchilari bepul ovqat bilan ta`minlanishi mumkin

'Kelasi o`quv yilidan barcha boshlang`ich sinf o`quvchilari bepul ovqat bilan ta`minlanishi mumkin'ning rasmi

Prezidentning “2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida”gi Farmoni va Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi. Bu haqda avvalroq xabar bergan edik.

Hujjatga ko`ra:

- 2023/2024 o`quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang`ich sinf o`quvchilarini bepul ovqat bilan ta`minlash yo`lga qo`yiladi;

- 2023 yil 1 apreldan boshlab 27 ta professional ta`lim muassasalari o`qituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, o`rtacha 3 mln so`mga teng bo`ladi;

- 2023 yil 1 iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi;

- tadbirkorlik sub`ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va javobgarligini liberallashtirish maqsadida 2023 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy o`rnatiladi;

- 2023 yilda 53 ta “Yangi O`zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga etkaziladi;

- 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqarolarga boshlang`ich badal va foiz to`lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan etarli mablag`lar yo`naltiriladi;

- 2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trln so`m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trln so`m yo`naltiriladi;

- 2023 yil 1 iyuldan boshlab, “Mahalla byudjeti” tizimini barcha tumanlar va shaharlarda joriy etish orqali mahallalarga o`z muammosini mustaqil hal etish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 800 mlrd so`mgacha mablag` yo`naltiriladi;

- quvvati 20 kVt va undan past bo`lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kV) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilanmoqda;

- 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o`rnatish majburiyati yuklatiladi hamda 2026 yilga qadar ularning binolari energiya iste`molining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich o`tkaziladi.

Jamoatchilik muhokamasi 17 fevralgacha davom etadi, siz ham unda o`z takliflaringiz bilan faol ishtirok eting: http://2023.strategy.uz/

    Boshqa yangiliklar