“O`zbekkino” Milliy agentligi 2017 tematik ish rejasini shakllantirish maqsadida turli janrlar bo`yicha badiiy, hujjatli va multiplikasion filmlarga mo`ljallangan adabiy ssenariylar loyihalari uchun tanlov e`lon qiladi.
Tanlovga yuboriladigan loyihalarda quyidagi g`oyalar ishonarli va yuqori badiiy saviyada aks ettirilishi lozim:
yurtimizda mustaqillik yillarida qo`lga kiritilgan yutuqlar, ijtimoiy-ma`rifiy jabhalarda ro`y berayotgan ulug`vor o`zgarishlar;
millatimizga xos ezgu fazilatlar, shuningdek, chuqur tarixiy ildizlarga ega bo`lgan qadriyatlarimiz ulug`vorligi;
yoshlarimizning har tomonlama barkamol bo`lib ulg`ayishlari, ma`naviy-ma`rifiy ehtiyojlarini qondirishlari, vatanparvarlik va xalqparvarlik tushunchalarini, umumbashariy va milliy qadriyatlar mazmun-mohiyatini teran anglab etishi uchun xizmat qiladigan ibratli hayotiy saboqlar;
azaldan xalqimiz uchun muqaddas bo`lmish oilaning hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning hal qiluvchi asosiy bo`g`ini ekanligi;
o`zbek xalqiga xos bo`lgan keksalarni e`zozlash, ularning hurmatini joyiga qo`yish singari ezgu qadriyatlar, shuningdek nuroniy otaxon va onaxonlarning ibratli hayoti aks ettirilgan bo`lishi;
ona Vatan va xalq manfaatini o`z manfaatidan ustun qo`ygan, adolat va ezgulikni mardona himoya qilayotgan, yovuzlik va xiyonatga murosasiz, e`tiqodi mustahkam, qat`iyatli va g`ururi baland zamondoshlar obrazi o`z ifodasini topishi lozim.
Shuningdek, o`zining ezgu fazilatlari bilan ko`pchilikka ibrat bo`layotgan zamondoshlarimiz siymosi aks ettirilgan hamda boy madaniy-tarixiy merosimiz, xalq og`zaki ijodi (ertaklar, masallar, dostonlar, matallar) namunalari asosida yozilgan, shuningdek, bolalar auditoriyasi uchun mo`ljallangan ssenariy loyihalari ham tanlovga qabul qilinadi.
Tanlovda kinodramaturglar, yozuvchi-shoirlar bilan birgalikda ssenariy yozish borasida etarlicha tajribaga ega bo`lgan barcha xohlovchi ijodkorlar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov 2016 yil 30 oktyabrga qadar davom etadi. G`olib deb topilgan ssenariy loyihalari agentlikning kelgusi yil tematik rejasiga kiritiladi va ular asosida badiiy, hujjatli va multiplikatsion filmlar uchun adabiy ssenariylar yozish uchun mualliflarga buyurtmalar beriladi.





