Garvard universiteti olimlari erkaklar fe`l-atvorini bilish uchun u sevib mutolaa qiladigan kitob janriga ahamiyat berishni tavsiya etishmoqda. Bir necha yil davom etgan ilmiy tadqiqotlar xulosasiga ko`ra, erkaklarning 85 foizi aniq bir yo`nalishdagi janrni ma`qul ko`rishadi. Tahminan 7 foiz erkaklar esa bir vaqtning o`zida ikkita adabiyot janriga qiziqishlari mumkin. Qolgan 8 foiz kuchli jins vakillariga salgina qiyinroq. Chunki ular o`z qiziqishlarini tushunishga qiynalishadi.
Komikslar
Agar umr yo`ldoshingiz komiks jurnallarni yoqtirsa, demak u hazil-mutoyibani yoqtiradi va muloqotga kirishimli inson. Muammolarni osonlik bilan hal qilishni biladi. Faqat ayrim xollarda o`ziga nisbatan ishonchi kamlik qilib, ikkilanishini aytmasa, qolgani risoladagidek. Bunday erkak bilan hayotingiz qiziqarli o`tishi uchun uning istaklarini hurmat qilishni o`rganishingiz kerak.
Triller
Ushbu janrdagi asarlaru, filmlarning ishqibozi bo`lgan erkaklar pragmatik bo`lishadi. Ularning fikricha xayolot bilan yashab bo`lmaydi. Yaxshisi tavakkal qiling-u, amalga oshiring. Ammo ba`zida mana shu «qoida»lari tufayli xatoga yo`l qo`yishadi. Bunday erkaklarni yo`lga solish uchun yaxshi suhbatdosh bo`lish va ularni tinglash kerak.
Fantastika
Juftingizning fantastika janriga qiziqishi uning qat`iyatsizligini bildiradi. Ko`pincha bu toifa erkaklar o`z fikriga ega bo`lmaydigan, irodasi sust va qaror qabul qilishga ikkilanishadi. Biroq o`zgalarning fikriga quloq solishni ham istashmaydi. Bunday erkak bilan yashash oson emas. Agar uni yo`lga solishni xohlasangiz, sabr-toqatli bo`lishingiz kerak.
Tarixiy kitoblar
Badiiy, tarixiy va ilmiy kitoblarning o`quvchisi bo`lgan erkaklarning xarakteri jiddiy bo`ladi. Har bir ishga o`ylab, muloxaza bilan yondashishadi. Tashqi ko`rinshiga e`tiborli va ayolidan ham shuni talab qiladi. Ammo jaxli tez va asabini jilovlay olmasligidan pand eyishadi.
Komediya
Bordiyu juftingiz komediya janridagi kitoblarni zo`r ishtiyoq bilan o`qisa, bilingki umr yo`ldosh tanlashda adashmagansiz. Ruhshunoslarning fikricha, bunday erkaklar yaxshi suhbatdosh va rafiqasini har qanday holatda ham tushunadigan inson bo`lishadi. Shu bois kitob mutolaa qilib, xoli qolishni istasa, aslo ranjimang.
Drama va melodrama
Ushbu janrlardagi kitoblarni tanlaydigan erkaklar hissiyotlarga beriluvchan, romantik inson bo`lishadi. O`ziga qaratilgan e`tiborni yoqtiradigan, tashqi ko`rinishiga ahamiyatlidir. Biroq ularni yaxshi umr yo`ldosh deyish qiyin. Chunki xudbinliklari bois yaqinlarini ranjitib turishadi.
Sarguzasht asarlar
O`ziga ishonchi baland, dadil va biroz dimog`dor erkaklar sarguzasht asarlarga qiziqishar ekan. Bu toifa erkaklar bilan shirin so`z bo`lsangiz, muammo bo`lmaydi. Aksincha «meniki to`g`ri» qabilida ish tutsangiz, doka ro`molning qurishi uzoqqa cho`zilishi mumkin.





