2016 yil 17 centyabr kuni O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining VI Plenumi bo`lib o`tdi.Unda partiya Siyosiy Kengashi, Markaziy Taftish komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Majlisda O`zbekiston “Adolat” SDPning joriy yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to`g`risidagi masala muhokama etildi.Mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo`lgan ushbu jarayonda O`zbekiston “Adolat” SDPning munosib ishtirok etishi zarurligi alohida ta`kidlandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan partiya Siyosiy Kengashi a`zolari fikr bildirib, Prezident saylovi demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi, xalqning xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat
va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shakli ekanligini qayd etishdi. O`z navbatida “Adolat” SDPning dasturiy maqsad va vazifalari o`zida aholi manfaatlarini ifoda etishi, hamda bo`lajak saylovlar partiya g`oyalarini yana bir bor saylovchilar orasida keng targ`ib qilish, partiyadan ko`rsatiladigan Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi orqali elektorat manfaatlarini yanada chuqurroq ifodalash imkonini berishini, shu bois, milliy saylov qonunchiligida siyosiy partiyalarga berilgan ushbu imkoniyatdan foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.
Muhokamalar davomida O`zbekiston “Adolat” SDPning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topildi.
Plenum ishtirokchilari ushbu saylovda partiya nomzodi xususidagi masalani ham atroflicha ko`rib chiqdilar.
Mazkur masalada yig`ilish qatnashchilari, partiya elektorati va tarafdorlarining xohish-irodasidan kelib chiqib, Siyosiy Kengash raisi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Nariman Madjitovich Umarov nomzodini partiyaning navbatdagi VIII Qurultoyida ko`rsatilishini qo`llab quvvatladilar.
Ushbu masala yuzasidan so`zga chiqqan partiya Siyosiy Kengashi a`zolari O`zbekiston “Adolat” SDPning O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzodi N.Umarov etarli hayotiy tajribaga ega ekanligi, safdoshlari orasida obro`-e`tibor qozonganligi hamda bo`lajak saylovda ishtirok etish uchun munosib nomzod ekanligini qayd etib o`tishdi.
Partiyaning ushbu saylovlarda ishtiroki bilan bog`liq masalalar uning oliy organi – Qurultoyida hal qilinishidan kelib chiqqan holda majlis qatnashchilari O`zbekiston “Adolat” SDPning navbatdagi VIII Qurultoyini 2016 yilning 15 oktyabr kuni Toshkent shahrida chaqirilishini belgilab oldilar.
Muhokama yakunida Plenum ishtirokchilari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qatnashish maqsadida tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish, Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni o`z vaqtida taqdim qilish kabi masalalarga to`xtalib o`tishdi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O`zbekiston “Adolat” SDP matbuot xizmati





